Ommaviy axborot vositalari orqali berilayotgan targ‘ibot va e'lonlar, ko‘chalarda ilingan bannerlarni ko‘rib, xabar topgandirsiz? Shu yilning may oyida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi o‘tkaziladi. Joylarda yana o‘n besh kundan so‘ng boshlanuvchi muhim tadbirga tayyorgarlik qizg‘in kechayotgani aniq.
Ayni paytda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalar boshchiligida joylardagi ishchi guruhlar tomonidan nomzodlar aniqlanib, ularning ro‘yxatlari shakllantirilmoqda.
O‘z nomzodi saylovga qo‘yilgan va mahallasiga oqsoqol bo‘lishni niyat qilgan insonlar o‘rtasida esa o‘ziga xos raqobat boshlangan. Ular orasida, Hamza o‘z zamonasida yozganidek: “Meni saylang!” deya sifat berish mumkin bo‘lgan jarayon ketmoqda.
Bizga ayrim joylarda ishchi guruhlar tomonidan nomzodlar tanlash bo‘yicha xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani haqida murojaatlar ham kelyapti. Ana shunday arzlardan birini o‘rganish uchun Namangan viloyati, Norin tumaniga bordik.



Bildirishlaricha, Tegirmonboshi fuqarolar yig‘ini raisligiga qo‘yilayotgan nomzodlardan biri tuman saylovga ko‘maklashuvchi komissiyasiga saylov qonunchiligiga zid ravishda tavsiya qilinib, ro‘yxatdan o‘tgan. Murojaatda, ishchi guruhining ro‘yxatiga olingan nomzod mazkur hududda yashamasligi, rais bo‘lish uchun tanish-bilishchilikdan foydalanayotgani, bundan tashqari o‘sha fuqaro saylovga nomzodini qo‘yish maqsadida 20 kun oldin o‘z ukasining uyiga “propiska”ga qo‘yilgani aytiladi.


Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risidagi qonunning 17-moddasida, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma'lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi” belgilab qo‘yilgan.
Tuman hokimining o‘rinbosari Saydali Siddiqov bilan birgalikda tuman saylovga ko‘maklashuvchi komissiyasi ishlari bilan tanishdik. Tuman saylov komissiyasi raisi Hasanboy Muhiddinov bilan Tegirmonboshi mahallasida faoliyat olib borgan ishchi guruhining nomzodlikka bergan tavsiyalarni ko‘rib chiqildi.





















