O‘zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkan bilan intervyu uyushtirdi. Mazkur intervyu prezident matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali e'lonqilindi.
— Mister Dunkan, O‘zbekistonga xush kelibsiz. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti sifatida o‘z faoliyatini boshlaganda, siz ilk xorijiy mehmon sifatida yurtimizga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari bilan uchrashgan edingiz. Bunday uchrashuvlar o‘tgan yili Londonda, bugun esa yana Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Bugungi suhbat chog‘ida asosan qaysi masalalarga e'tibor qaratildi?
— Bir narsani aytib o‘tishim kerak, men O‘zbekistonni haqiqatdan ham qo‘llab-quvvatlaydigan xorij davlat vakiliman, bu o‘lkaga mehrim, hurmatim baland. Shuning uchun janob prezident yurt rahbari sifatida faoliyatini boshlaganidan keyin ushbu zaminga tez-tez kelmoqdaman. O‘ylashimcha, biz tarixning juda ham esda qolarli davrlarida yashayapmiz. Bu jarayonda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yanada liberallashayotganini ko‘rishimiz mumkin. Prezident shiddat bilan yangidan-yangi islohotlarni amalga oshiryapti. Ushbu jihatlar mamlakatingizni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va turizm uchun juda qulay va jozibali o‘lkaga aylantirmoqda. Men bularni mamlakat mavqeyini mustahkamlashning o‘ziga xos usuli, deb bilaman.
Yoki qushni mamlakatlar bilan do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarining yangi pog‘onaga ko‘tarilganini olaylik. Xullas, qaysi sohaga nazar tashlamang — faqat yaxshi yangiliklarga ko‘zingiz tushadi.
Shulardan kelib chiqqan holda, biz hozir janob prezident bilan ikki tomonlama amaliy hamkorlikniyanada mustahkamlash, Britaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini, ilg‘or tajriba va texnologiyalarini jalb qilgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishning dolzarb masalalarini muhokama qildik. Qolaversa, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashdik.
— Ayni paytda mamlakatlarimiz ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun O‘zbekistonda britaniyalik investorlar sarmoyasi ishtirokida to‘rt yuzdan ziyod korxona faoliyat yurityapti. O‘zbekiston bozorining qaysi jihatlari Buyuk Britaniya investorlarini o‘ziga jalb qilmoqda? Britaniyalik sarmoyadorlarni O‘zbekistonda istiqbolda hamkorlik uchun qaysi yo‘nalishlar ko‘proq qiziqtirmoqda?

















