Ukrainada prezidentlik saylovining ikkinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlanib, ekzit-pol natijalariga ko‘ra ham, Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra ham mamlakatni yangi prezident - Vladimir Zelenskiy boshqarishi aniq bo‘ldi. U 73 foizdan ortiqroq ovoz bilan amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoni ortda qoldirdi (25 foizdan oshiqroq). «Meduza» saytining maxsus muxbiri, Kiyevdagi saylovlarni yaqindan kuzatib borgan Ilya Jyegulev o‘z maqolasida Poroshenko saylovoldi kampaniyasi davomida qanday xatolarga yo‘l qo‘ygani, u qanday qilib uch hafta ichida mamlakatni qo‘ldan boy bergani haqida bayon qilgan.

«Petro Aleksandrovich ko‘makka muhtojmi - men buni ko‘rmayapman. U bemalol yura oladi! Rahmat», deya jurnalistga boshdan oyoq razm solgan Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman ortga o‘girilib, zinadan ko‘tarilishda davom etgandi. O‘shanda «Gromadskiy-TV» jurnalisti undan saylovlarning ikkinchi turida Poroshenkoni qanday qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘ragandi.

Birinchi tur arafasida hech kim o‘zi bilan hazillashishlariga yo‘l qo‘ymayotgandi. Bosh vazir Groysman prezident qayta saylanishi uchun faol targ‘ibot olib borgan, u o‘zi bilan siyosiy koalitsiyada bo‘lgan safdoshini qo‘llashi tabiiy edi. Bir oy muqaddam ukrainalik siyosatchilarning barchasi Poroshenko birinchi turda mag‘lub bo‘lgach ham ikkinchi turgacha birinchi turdagi boshqa raqiblarining elektoratini o‘ziga og‘dirib, ikkinchi turda favoritga aylanishini kutishayotgandi. Ammo Poroshenko o‘ziga yangi saylovchilarni jalb etolmadi, bu ham yetmagandek o‘zining eski saylovchilarining bir qismini yo‘qotdi. Shunday ekan, endi Groysman o‘z adashi Vladimir Zelenskiy bilan ishlashga tayyorlana boshladi.

Vladimir Zelenskiy tilini tiygani uchun g‘olib bo‘ldi. U hatto o‘zining jamoasi a'zolarini ham sir tutdi
«Meni «yo‘q ledi» deb chaqiring», deya hazillashadi «Kvartal 95» studiyasining rivojlanish masalalari bo‘yicha direktori Irina Pobedonosseva. U endi Zelenskiy shtabida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mas'uldir. Uning «yo‘q» degani Zelenskiy jamoasining barcha a'zolariga taalluqli.

Bu strategiya. Tinimsiz o‘zi haqida gapirib, saylovchilarga tinimsiz o‘z dasturini taqdim etish o‘rniga Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi davomida biror marta ham matbuot anjumani o‘tkazmadi - omma oldiga juda kam chiqdi. Birinchi turgacha uni faqat «Kvartal 95» konsertlarida ko‘rgan bo‘lishsa (jamoa butun Ukraina bo‘ylab gastrollar o‘tkazdi va bu konsertlarga kirish bepul qilindi), ikkinchi tur arafasida konsertlar ham g‘oyib bo‘ldi, tashviqot tadbirlari ham - saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmadi. Ikki tur orasidagi uch hafta ichida Zelenskiy faqat bir marta «RBK-Ukraina» nashri uchun intervyu berdi, bir marta «1+1» studiyasida mehmon bo‘ldi. Nomzod saylovchilariga o‘zini asosan yutubdagi videoroliklar orqali namoyon qildi.