Bu yilgi bahor faslining seryog‘in kelishi respublikaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqardi.

Ayniqsa, tinimsiz yog‘gan yomg‘ir shundoq ham issiq kunlarda chang arimaydigan, yog‘ingarchilikda loyga aylanadigan olis qishloqlar yo‘llari yanada abgor bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Kun.uz tahiriyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi Otchopar mahallasidan bir qator muammolari bilan murojaat qilgan fuqarolarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish jarayonida shunday holatga guvoh bo‘ldik.

«Mahallamizdagi Mustaqillik nomli ko‘chaning 5-22 kvartallari orasidagi yo‘llar botqoqqa aylandi. Farzandlarimiz uzoqdagi maktabga borib kelishga qiynalishmoqda. Sababi, bu yerda maktab ham, bog‘cha ham yo‘q. 3-4 kilometrga maktabga qatnashga majbur. O‘zimiz yurishga qiynalayotgan bunday botqoq yo‘lda farzandlarimiz qanday yursin? Yana bir muammomiz bu elektr energiyasidir. Simyog‘ochlar talabga javob bermaydi. Shu yerdagi aholi pul yig‘ib, qo‘lbola qilib o‘rnatganmiz. Uy raqamlarida ham chalkashliklar bor. Ayrim uylarga bir xil raqam berilgani uchun to‘lov qog‘ozlari ham adashib keladi. Qarzi yo‘q xonadonga asossiz qarzlar yoziladi. Muammolarimiz ko‘p, ammo bir necha yillardan buyon hal bo‘lmay kelmoqda», – deydi Bekzod Sattorov.

Ushbu e'tirozlar asosida «Otchopar» mahallasi Mustaqillik ko‘chasi 5-22 kvartallar oralig‘idagi e'tirozlarga sabab bo‘layotgan holatlarni ko‘zdan kechirdik. Yo‘llarning holati haqiqatan ham achinarli. Suv va loyga aylangan yo‘llardan zo‘rg‘a harakatlandik. Maktabga qatnaydigan bolajonlarning bu botqoqda harakatlanishi va achinarli ahvolini his qildik.

Simyog‘ochlar juda past joylashgan va aholi uchun xavf tug‘diradigan darajada. Sababi, bu simyog‘ochlarni aholi o‘z mablag‘lari hisobiga qo‘lbola qilib o‘rnatishgan. Aholining aytishicha, simyog‘ochlar pastligi tufayli ularni cho‘p bilan o‘ynagan yosh bolalarning ikki nafarini tok urgan.

Qizig‘i, mahallaning ushbu qismidagi aholi xonadonlari va loy ko‘chalar ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgan. Bu umuman mumkin bo‘lmagan holat. Yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i sababli aholi doimo xavfda yashashga majbur. Aholiga qanday tartibda, qanday holatda bunday tarzda uy qurishga ruxsat berilgani, yer ajratilgani tushunarsiz holat. Xavfsizlik talablari umuman hisobga olinmagan.