18:41 / 28.04.2019
8201

«Aston Villa» «Lids»ning oyog‘idan chaldi va boshqa klubni APLga qaytardi

«Sheffild Yunayted» chempionship yakunlariga ko‘ra Angliya premer-ligasiga qaytadigan bo‘ldi.

Kris Uaylder shogirdlari muddatidan avval yuqori divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi, chunki 45-turda «Lids» «Aston Villa» bilan durang o‘ynab qo‘ydi (1:1) va oxirgi turdagi natijalar qanday bo‘lishidan qat'i nazar turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

46-tur oldidan chempionship turnir jadvalida 91 ochko bilan «Norvich» birinchi (bu jamoa ham muddatidan avval APLga chiqib bo‘lgan), 88 ochko bilan «Sheffild Yunayted» ikkinchi o‘rinda joylashgan. Chempionshipning 3-6 o‘rinlarida «Lids» (83), «Vest Bromvich» (80), «Aston Villa» (76) va «Derbi Kaunti» (70) joylashgan. Bu jamoalar pley-off o‘yinlari orqali APLning uchinchi yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi.

«Sheffild Yunayted» premer-ligada oxirgi marta 12 yil muqaddam ishtirok etgandi. O‘tgan vaqt davomida bu jamoa 6 mavsumni Angliya chempionatining uchinchi divizionida ham o‘tkazdi.

APLni esa «Haddersfild» va «Fulhem» tark etishi aniq bo‘lgan. Uchinchi nomzod esa «Kardiff» bo‘lib turibdi. Ayni vaqtda, mavsum yakuniga 2 tur qolganida «Brayton»da 34, uelsliklarda esa 31 ochko bor.

Mavzuga oid
Top