Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan, harbiylar shaharchasi bo‘lmish Kakaydi qo‘rg‘onining «Bobur» va «Neftchilar» mahallasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 mart kungi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF–5386-son farmoniga ko‘ra obodonlashtirish ro‘yxatiga kiritilgan.

Kun.uz muxbiri Kakaydida yashab, mehnat qilib kelayotgan fuqarolarning tahririyatga yo‘llagan murojaatini o‘rganib qaytdi.

Kakaydidagi mahallalarni obodonlashtirish asnosida, yangi loyiha asosida jome masjidi bunyod qilingan. Shuningdek, avariya holatidagi eski uylar buzilib, aholi ko‘chirilgan. Buzilgan hududda yangi ko‘pqavatli uylar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Kakaydi markazida bunyod etilayotgan masjid qurilishida yo‘l chetida barpo etilgan do‘konlar buzilgan. Yigirmadan ziyod tadbirkorga ular o‘z do‘konlariga barcha hujjatlarga ega bo‘lishsa ham, shu paytgacha zararlar to‘lab berilmagan, yangi do‘konlar qurish uchun yer ajratilmagan. Ularning ko‘pi o‘z vaqtida bu joylarni kim oshdi savdosi orqali sotib olishgan ekan.

Tadbirkorlarga shaharcha chetidagi yangi bozordan do‘konlarni ijaraga olish taklif etilganida, ular buni keskin rad etishgan. Chunki, avvalgi do‘konlari shaharcha markazida bo‘lsa, chetroqda joylashgan bu hududga mijozlarning borishi amri mahol, deb tushuntirishdi.

Biz borganimizda tadbirkorlar masjid qurilayotgan joy ro‘parasidagi hududda, bir vaqtlar savdo do‘konlari bo‘lgan (ular ham buzilgan) joyda muvaqqat konstruksiya tiklab, savdo qilishayotganiga guvoh bo‘ldik. Ular hanuzgacha buzilgan do‘konlari evaziga joy ajratilmaganini, ro‘zg‘or tebratish uchun qiyinchiliklarga duch kelishayotganini gapirib berishdi.