O‘zbekiston | 08:53 / 30.04.2019
3733
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surish bo‘yicha «Invest in Uzbekistan» axborot kampaniyasi ishlab chiqiladi

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi:

·        2019 yil davomida muntazam ravishda yirik xalqaro biznes va moliyaviy xablarga maqsadli auditoriya uchun mo‘ljallangan taqdimotlar bilan tashrif buyurgan holda «Road Show» dasturlarini ishlab chiqadi va taqdim etadi;

·        O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida investitsiyaviy rezidentlik to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

·        ikki oy muddatda marketingning eng yangi texnologiyalaridan foydalanish, mamlakatning yagona integratsiyalashgan brendini yaratish va ilgari surish hamda strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha xalqaro maslahatchilarni jalb qilish orqali xalqaro biznes arenada O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surish bo‘yicha «Invest in Uzbekistan» – yagona, muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasini ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

·        2019 yil 1 iyulga qadar xorijiy investorlar uchun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy talab va potensial loyihalar, zarur taqdimot materiallarini tayyorlaydi;

·        2019 yil davomida mamlakatda keng miqyosli islohotlarning amalga oshirilayotganligi, investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanganligi to‘g‘risida, eng avvalo, xorijiy ishbilarmonlar, tadbirkorlar, potensial investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ibot va keng xabardor qilish masalalari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

·        Xalqaro investitsiya forumi doirasida, amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalarining dolzarb jihatlariga bag‘ishlangan, shu jumladan, tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mutaxassislar va tadbirkorlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlarini o‘tkazadi;

·        Internet tarmoqlarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tarmoq islohotlari, har bir amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining asosiy parametrlari, loyihalarni amalga oshirish kafolatlari, ularning raqobatdagi ustunliklari va boshqalar to‘g‘risida batafsil va tushunarli rasmiylashtirilgan axborot resurslarini tayyorlash borasidagi ishlarning muvofiqlashtirilishini ta'minlaydi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid