Ma'lumki, mamlakatimizda ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamisha e'zozda bo‘lib kelgan. Davlatimiz eng murakkab bo‘lgan o‘tish davrida ham 9 may kuni «Xotira va qadrlash bayrami» sifatida keng nishonlangan, faxriylarga maxsus farmonlarga ko‘ra alohida e'tibor qaratilgan. Ammo umr o‘tib ketmoqda, ming afsuski bu urush qatnashchilari ham yildan yilga kamayib bormoqda...

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi faxriylari an'anaga ko‘ra har yilda 9 may arafasida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Avvalgi yillarda, xususan, 2013 yilda bir martalik pul mukofoti - 500 000 (besh yuz ming) so‘mni, 2014 yilda – 600 000 (olti yuz ming) so‘mni, 2017 yilda 2 000 000 (ikki million) so‘mni, 2018 yilda 5 000 000 (besh million) so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning 23 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Farmonda shunday deyiladi:

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e'tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e'zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:

1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 7 500 000

(yetti million besh yuz ming) so‘m miqdorida bir yo‘la pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta'minlasinlar.