O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlaridan birini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha hujjat loyihasi o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar ko‘rilmagan.
«Yuksalish» umummilliy harakati ma'lumotiga ko‘ra, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 11ta bandi o‘z vaqtida bajarilmagan, ular orasida 194-band – O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish vazifasi ham bor.
Davlat dasturida ushbu vazifa 2019 yil 1 apreliga qadar bajarilishi belgilangan edi. Ijro uchun mas'ullar sifatida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu tashkilotlar tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi, unda yozgi Osiyo o‘yinlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilishi lozim edi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatidan Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, qo‘mita chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqqan bo‘lib, u barcha vazirlik va idoralar tasdig‘idan o‘tkazilgan va farmoyish bilan mart oyida Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishni rejalashtirayotgani ilk marta 2018 yil sentabr oyida ma'lum bo‘lgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat sporti mutasaddilari va hukumat rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu to‘g‘rida topshiriq bergandi.
Keyinroq, dekabr oyida O‘zbekiston Prezidenti parlamentga murojaatnomasida ushbu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Kelgusida yozgi Osiyo o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilish bo‘yicha harakatlarni boshlashimiz kerak.
Albatta, bu katta marra. Lekin biz bu marraga qodir ekanligimizni ko‘rsatsak, to‘g‘ri bo‘lar edi. Biz shunga munosibmiz desak, bu ham to‘g‘ri.

















