Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.
Nizomga ko‘ra, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash idora ichida, idoralararo hamda davlatlararo shaklda amalga oshiriladi.
Oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi idoraviy mansub vazirlik yoki idorasi tasarrufidagi boshqa tashkilot, oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi uchun kadrlar tayyorlashi idora ichidagi maqsadli doktorantura shaklida amalga oshiriladi.
Oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar uchun kadrlar tayyorlashi idoralararo maqsadli doktorantura shaklida amalga oshiriladi.
Bir mamlakatning oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi boshqa mamlakatning oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi uchun kadrlar tayyorlashi davlatlararo maqsadli doktorantura shaklida amalga oshiriladi.
Yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarga ehtiyoji mavjud bo‘lgan oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi, shuningdek vazirlik, idora yoki tashkilot buyurtmachi tashkilot hisoblanadi.
Doktorantlarni idora ichida va idoralararo maqsadli tayyorlash uchun oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi va buyurtmachi tashkilot hamda doktorant o‘rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Davlatlararo maqsadli doktorantura xalqaro shartnomalar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asosan tartibga solinadi.
Idora ichida va idoralararo maqsadli doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilarga tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilar kabi qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi hamda ta'til beriladi.
Maqsadli doktoranturaga qabul qilingan shaxslar doktorantura davrida dissertatsiya ishini himoya qilishi yoki himoya qilish uchun topshirishlari lozim.

















