Xalq ta'limi vazirligi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida 2018-2019 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Mamlakatdagi barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida 2018-2019 o‘quv yilini yakunlash hamda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazilishini tashkil etish maqsadida quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:
- umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joriy yilning 25 may kuni ertalabki soat 8:00 da “Mening maktabim – mening uyim” shiori ostida tashkil etish;
- tadbirni faqatgina 1- va 11-sinflar ishtirokida 1 soat davomiylikda o‘tkazish (9-sinf o‘quvchilari bitiruvchi hisoblanmaydi);
- “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarining maktab hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarida o‘tkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligini ta'minlash;
- bitiruvchi o‘quvchilarning maktab formasidan tashqari, turli liboslar hamda lentalar taqib olishini oldini olish;
- tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiyena va tozalik talablariga muvofiq sharoitlar yaratish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda o‘quvchilar xavfsizligini ta'minlash;
- umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida tadbirlarning tartibli o‘tishini ta'minlash maqsadida joylardagi mahalla qo‘mitasi, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlik qilish;
- maktab rahbariyati tomonidan tadbir ishtirokchilarini tabriklash jarayonida yurtimizda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ta'lim tizimidagi islohotlar to‘g‘risida aniq raqam va dalillar keltirilgan holda ma'lumot berish;
- tadbirga faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlar, shuningdek, o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilarini taklif etgan holda ular tomonidan bitiruvchilarga bayram tabrigi va tilaklarini bildirishlarini tashkil etish;
- tadbirda yil davomida namunali xulq va a'lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish;

















