Vladimir Zelenskiyning Ukraina prezidenti sifatidagi ilk nutqi 20 daqiqaga yaqin davom etdi.

Sobiq komik aktyor chiqishini 6 yoshli o‘g‘lining prezidentlik haqidagi gaplarini eslash bilan boshlab, yakunda o‘zining prezidentlik muddatini ukrainlar hech qachon yig‘lamasligi uchun bag‘ishlashga va'da berdi.

«Bi-bi-si» Vladimir Zelenskiyning ilk prezidentlik spichidagi asosiy tezislarni yig‘di.

Parlamentni tarqatib yuborish
Vladimir Zelenskiyning Ukraina parlamenti kelajagini ko‘ra bilishi uning inauguratsiya nutqidagi eng kutilgan qism bo‘ldi.

Oliy radaning hozirgi tarkibi 5 yil muqaddam, Poroshenko hali siyosat haqida o‘ylamagan vaqtda saylangandi. Zelenskiy bu deputatlar bilan o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi rejalarini amalga oshirishi qiyin bo‘lardi.

Boshqa tomondan uning «Xalq xizmatida» partiyasining reytingi ko‘tarilmoqda: so‘rovnomalar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, agar shu hafta oxirida navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu partiya 40 foizga yaqin ovoz oladi.

Prezident inauguratsiyasi arafasida matbuotga parlamentni tarqatib yuborish haqidagi farmon loyihasi sizdirildi: unga ko‘ra bu qadamga so‘nggi uch yil davomida parlamentda deputatlik fraksiyalari koalitsiyasi mavjud emasligi asos qilib keltirilgandi. Ayrim deputatlar bunday asos bilan parlamentning tarqatib yuborilishini noqonuniy deb hisoblashgan bo‘lishsa-da, prezidentning nutqidan keyin Oliy radadagi asosiy o‘yinchilar navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishga qarshi emasligi ko‘rinib qoldi.

Vladimir Zelenskiyga yaqin manbalarning xabar berishicha, parlamentni tarqatib yuborish haqidagi farmon 21 may kuni e'lon qilinadi.

Bu holatda mamlakatda 14 iyul kuni parlament uchun navbatdan tashqari saylovlar o‘tkaziladi (saylovlar o‘z vaqtiga ko‘ra kuzda o‘tkazilishi kerak edi, ammo Vladimir Zelenskiy uchun saylovlar imkon qadar tezroq, partiyasi nufuzi pasayishni boshlanmasdan oldin o‘tkazilgani manfaatlidir). Saylovlar odatiy tartibga ko‘ra o‘tkazilishi kutilmoqda: parlament a'zolarining yarmi okruglarda, yarmi partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanadi.