Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi «Cho‘michli» mahallasi aholisi bir necha muammolar yuzasidan murojaat qildi.

«Mahallamizda yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar yig‘ilib qolgan. Farzandlarimiz ta'lim olayotgan maktab talabga javob bermaydi. Ko‘chalarimiz abgor holatda. Mahallamizga suyultirilgan gaz vaqtida tarqatilmaydi, ichimlik suvi yo‘q. Elektr energiyasi simyog‘ochlari ta'mirtalab. Mahalla hududida joylashgan «Sho‘rtanneftgaz» MChJning fakellari joylashgan. Ulardan chiqayotgan gaz tufayli havo ifloslanmoqda va aholi nafas olishga qiynalmoqda. Buning natijasida mahallada aholi va uy hayvonlari orasida turli kasalliklar ko‘paygan. Bolalar nosog‘lom tug‘ilmoqda», – deyiladi murojaatda.

Murojaatni joyida o‘rganish maqsadida G‘uzor tumanida bo‘ldik. Mahalla aholisi bilan suhbatlashdik, e'tirozlarini tingladik. Ular tomonidan bildirilgan e'tirozlarni navbati bilan o‘rgandik.

Dastlab, ushbu mahalladagi ikki qishloq yoshlari ta'lim olayotgan 26-umumiy o‘rta ta'lim maktabi bilan tanishdik va haqiqatan ham ta'lim maskanida qator muammolar mavjudligiga guvoh bo‘ldik.

Jumladan, maktabda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlariga yetarlicha sharoit yo‘q. Shuningdek, tadbirlar o‘tkazish uchun faollar zali ham ham mavjud emas. Sinfxonalarda ozodalik yetishmaydi. Maktab yo‘laklarida devorlar ko‘chib tushgan va ta'mirtalab ahvolda.

Maktab bufetida achinarli manzaralarga guvoh bo‘ldik. Bu yerda kanselyariya jihozlari va o‘quv qurollari savdosi bilan aralash holda turli yeguliklar ham sotilar ekan. Xarob ahvoldagi bu pastqam bino ichkarisi antisanitar holatda. Bu yerda maktab o‘qituvchilari uchun buyurtma asosida tushlik ham tayyorlanar ekan.

Ma'lumki, ta'lim maskanlarida o‘quvchilarga sotilishi mumkin bo‘lmagan yeguliklar ro‘yxatida hot-dog ham bor. Maktab bufetida esa bu yegulik o‘quvchilarga ochiqchasiga sotilmoqda. Sotuvchi ham, maktab direktori Yo.Eraliyev ham taqiqlangan yegulik sotilayotgani va bu yerdagi antisanitar holatga hech qanday izoh berolmadi.