20 may kuni «Kommersant'» gazetasi siyosat bo‘limi xodimlari — maxsus muxbir Ivan Safronov va bo‘lim mudiri o‘rinbosari Maksim Ivanov ishdan bo‘shatilgani ma'lum bo‘ldi.
Jurnalistlarning bildirishlaricha, ularning ishdan bo‘shatilishlariga Rossiya Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning lavozimidan ketishi mumkinligi haqidagi maqolalari va mazkur maqolaga e'tiroz bildirgan «aksionerning qarori» sabab bo‘lgan.
Ularning ortidan gazeta bosh muharriri o‘rinbosari Gleb Cherkasov va qator jurnalistlar norozilik sifatida ishdan ketishlari haqida ariza yozishgan.
«Vedomosti» nashri jurnalistlarning ishdan bo‘shatilishi haqidagi qarorni «Kommersant'» nashriyot uyi aksiyadori Alisher Usmonov qabul qilgani haqida xabar tarqatdi. Alisher Usmonovning vakili tadbirkor «Kommersant'» muxbirlarining ishdan bo‘shatilishiga aloqasi yo‘qligi haqida ma'lum qildi.
«Kommersant'» rahbarlarining fikri
«Kommersant'» bosh muharriri Vladimir Jyelonkin ushbu maqola chop etilishida «nashriyot uyining tahririyat standartlari» buzilganini bildirdi.
Jyelonkin boshqa jurnalistlarning ishdan bo‘shash xohishlarini «soxta birdamlik va nashriyot uyi rahbariyatiga bosim o‘tkazish maqsadi» bilan izohladi.
Nashriyot uyi aksiyadori Alisher Usmonov gazeta xodimlarining ishdan bo‘shatilishi borasida qaror qabul qilmagan deb ma'lum qildi tadbirkorning vakili.

Foto: Aleksey Nikolskiy / TASS
«Aksiyador tahririyat siyosatiga aralashmaydi va uning ustiga jurnalistlarni ishdan bo‘shatish yoki qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilmaydi. Alisher Burxonovich “Kommersant'” xodimlarining ishdan bo‘shatilganini matbuotdagi xabarlardan bildi», — deb aytdi Usmonov vakili.
USM Group rahbari Ivan Streshinskiy ishdan bo‘shatishlarni maqolaning «buyurtma» tusda ekanligi va jurnalistlar buning aksini isbotlay olishmaganligi bilan izohladi. Jyelonkin jurnalistlarga ishdan bo‘shashni taklif qilgan va tomonlar kelishuviga asosan ularni kompensatsiya to‘langan holda bo‘shatishga kelishib olishgan.
















