25—26 may kunlari Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida «Hech bir ijobiy g‘oya e'tibordan chetda qolmaydi» shiori ostida “TECHNO DISCOVERY—2019” festivali bo‘lib o‘tdi. 

Mudofaa qo‘shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida O‘zbekiston armiyasida birinchi bor o‘tkazilgan festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchi o‘zining yangicha yondashuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Festivalda jumladan, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qo‘mondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan o‘zgaruvchan hajmga ega mobil qo‘mondonlik-shtab punkti ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Ushbu shtab punkti maxsus tadbirlar o‘tkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida ma'lumotlar yig‘ish va ularni qayta ishlash vazifasini bajaradi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga o‘rnatilgan mazkur punktni yaratishga 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan bo‘lib, bir yoki ikki kishi uni to‘liq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. 

Festivalning yana bir e'tiborli loyihalaridan biri — desantchining o‘quv-mashg‘ulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga mo‘ljllangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakrashidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning o‘zida to‘liq sinab ko‘rish mumkin.