Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Respublika Baxshichilik san'ati markazi va uning huzuridagi Baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baxshichilik san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 14 maydagi PQ-4320-son qarori bilan Respublika Baxshichilik san'ati markazi va uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatini tashkil etish belgilangan.
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:
madaniyat muassasalarining ko‘chmas mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘larning 10 foizi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlari huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish markazi davlat unitar korxonalariga 1 foizi va elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘lanadigan to‘lovdan tashqari);
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va uning bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning vazir tomonidan belgilanadigan miqdordagi ajratmalari;
davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlarning 10 foizi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasiga budjetdan tashqari tushadigan yillik tushumlarning 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
Milliy san'atimiz va madaniyatimizning qadimiy ma'naviy merosini saqlab qolish, baxshichilik yo‘nalishi bo‘yicha yoshlarning ijodiy salohiyatini hisobga olgan holda, ularning intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ro‘yobga chiqarish, baxshichilik sohasi bo‘yicha malakali baxshilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Termiz shahridagi 21-son baxshichilik maktabi negizida baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internati tashkil etiladi.














