Buxoro shahrining 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari va ularning ota-onalaridan Kun.uzʼga murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, avariya holatiga kelib qolgan ushbu maktab-internat 2022 yilda rekonstruksiya loyihasiga kiritilgan va shu vaj bilan uning o‘quvchilari shaharning 34-maktabiga ko‘chirilgan.

Hozirda bolalar u yerda 2-smenada tahsil olayotgani, ammo maktabning sharoiti qoniqarli emasligi aytilmoqda.

Bu maktab [34-maktab]ga Romitan tumanidan 3 nafar o‘rtog‘im bilan qatnaymiz. Bizga o‘tgan yili “maktab binosi qurib bitkaziladi” deyishgandi, ammo mana, ikkinchi yil ketyapti hamki, qurilmagan.

Biz bir eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz, vaqtincha o‘qiyotgan maktabimizdagi bolalar bizni qabul qilmayapti, urishyapti, so‘kishyapti. Ustozlarga aytsak, “na iloj, o‘zi ularning maktabida o‘qiyapmiz, majburmiz”, – deyishyapti. Xullas, bizning qurilayotgan binoga davlat tomonidan pul ajratilmayapti ekan, biz qiynalyapmiz”, – deya yozgan bir o‘quvchi.

Ayni maktab-internatda tahsil oluvchilardan birining onasiga ko‘ra, ko‘plab ota-onalar sharoit sabab farzandini boshqa maktabga olib ketmoqda.

Buxoro shahridagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktabiga qizim shu yil yuqori ball bilan qabul qilindi. Ammo biz rasmini ko‘rib havas qilgan maktab emas, balki juda eski va xarob holdagi maktabning 2-smenasida o‘qiyapmiz.

Vaholanki, maktab shu o‘quv yiliga tayyor holatga topshirilishi kerak edi. Ammo ishning bu ketishida keyingi o‘quv yiliga ham topshirilmasa kerak. Eng bilimli va zukko bolalarni imtihon asosida saralab olib, shunaqa maktabda o‘qitish ularning ruhiyatiga, kelajakka bo‘lgan umidiga ta’sir qilyapti. Ularga faqatgina yaxshi sharoit yaratib berish lozim. Iltimos, shu yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borib Kun.uz’ga chiqarsangizlar. Zora mutasaddilarga oddiy xalqning, ota-onalarning nolasi yetib borsa. Chunki qancha ota-onalar majbur [bo‘lib] bolasini olib ketdi”, – deydi ona.