24 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sud Plenumining majlisida qonun hujjatlarining ayrim normalarini qo‘llash qoidalari tushuntirildi, deb yozmoqda Norma.
Majlisda Oliy sud Plenumining «Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida», «Sudning hal qiluv qarori haqida» va «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini birinchi instansiya sudida qo‘llashning ayrim masalalari haqida»gi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.
Birinchisi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan ishlab chiqildi. Hujjat bilan JPKga muvofiq sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi, qarori ustidan shikoyat berish huquqi sud ishini yuritishda ayblov tomoni (prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakili, fuqaroviy da'vogar yoki uning vakili) va himoya tomoni (ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib, jinoyat ishi tugatilgan shaxs, mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, fuqaroviy javobgar yoki uning vakili) ishtirokchisiga berilganligi tushuntirildi.
Sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi, shuningdek mazkur qarorlar huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxslarda ham mavjud. Ular jumlasiga, masalan, garovga beruvchi yoxud da'voni ta'minlash yoki hukmni ijro etish tartibida mol-mulki xatlangan shaxs kiradi. Fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud hujjatlarining faqat fuqaroviy da'voga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlov sabablari va asoslariga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Boshqa shaxslarga sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi berilmagan.
Nazorat tartibidagi shikoyat, protest bevosita Oliy sudga beriladi. Nazorat tartibida ish yuritish faqat apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Qonunda shikoyat (protest) berish uchun biron-bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab 1 yil o‘tgandan so‘ng berilgan shikoyat (protest), basharti unda og‘irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo‘llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa o‘zgarishlar nazarda tutilgan bo‘lsa, nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko‘rilishi mumkin emas. Masalan, mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, mulkiy ziyon miqdorini ko‘paytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi yoki ayblov mazmuni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga o‘zgarishiga olib kelsa va h. k. Shuningdek, oqlov hukmini yoxud sudning ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilish masalasi ko‘tarilgan bo‘lsa, ushbu shikoyat (protest) ham ko‘rilmaydi.
Kim hukm ustidan shikoyat berishi mumkin?















