Xalqning munosib hayot kechirishi uchun o‘tkazilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga va jahon jamoatchiligiga to‘g‘ri, tezkor, xolis va to‘laqonli yetkazib berishda ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, davlat axborot xizmatlarining samarali faoliyati muhim ahamiyatga ega. Axborot xizmati davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni amalga oshiruvchi ko‘prik vazifasini bajaradi. Davlat organi va xalq o‘rtasidagi muloqot qanchalik yaxshi ta’minlansa, davlat organlariga bo‘lgan ishonch va hurmat shunchalik ortadi, deb hisoblaydi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.

28 may kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari»  mavzusida respublika konferensiyasi  tashkil etildi. Anjumanda qonun ijodkorlari, xalqaro nodavlat tashkilotlar va elchixona vakillari, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Unda nutq so‘zlagan Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston matbuotining nega to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayotganiga e’tibor qaratib, bunga vazirlik va idoralar rahbarlarining matbuot kotibi yoki axborot xizmatlariga e’tiborsiz munosabatini asosiy sabab qilib ko‘rsatdi.

«Bu holatlarga barham berish maqsadida joriy yilning fevral oyida «Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni imzolandi. Agentlik zimmasiga yana bir muhim, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish va bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi ham yuklatilgan.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, sohadagi asosiy muammo bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjatning mavjud emasligidir. Hozirda ushbu hujjat tayyorlanmoqda, ammo uni amalga oshiruvchi axborot xizmatlarining faoliyati kun talabiga javob beradimi? Ularning ishini faollashtirish uchun nima to‘siq bo‘lyapti?», — deya savol bilan anjuman ishtirokchilariga yuzlandi Mirziyoyeva. 

Agentlik direktori o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati deyarli olib borilmayapti. 

«Ish hajmining ko‘pligi va qo‘shimcha vazifalar yuklatilishi sababli axborot xizmatlari qoniqarsiz ahvolda. 10dan ortiq respublika darajasidagi davlat idoralarida va 200ga yaqin tuman/shahar hokimliklarida haligacha axborot xizmati yo‘lga qo‘yilmagan. Davlat tashkilotlarida axborot xizmatiga yetarlicha shtat birligi ajratilmaganligi sababli faoliyat sust olib borilyapti, ularning mavqeyi past. Ko‘pgina davlat organlarining rahbarlari bu masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti, shtatlar malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilmagan, moddiy-texnik baza yaratilmagan. Davlat organlarining veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mobil messenjerlar orqali tezkor axborot tarqatishlari oqsamoqda. Davlat idoralarining internetdagi sahifalarida foydalanuvchilar soni nihoyatda kam. Ularning veb-saytlariga kiruvchilarning umumiy soni 400 ming, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga murojaat qiluvchilar 150 ming, Telegram messenjeridagi kuzatuvchilari 300 ming nafardan oshmaydi. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar 20 milliondan yuqoriligini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich juda past», —  deya ta’kidlagan u.