Namangan shahridagi «Uch favvora» xiyobonida 59-an'anaviy «Gul bayrami» festivalining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash hamda tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 va 2017 yillardagi Namanganga tashriflari chog‘ida «Gul bayrami»ning shakl-shamoyilini tubdan o‘zgartirish, uning ko‘lamini kengaytirish, viloyatda gulchilikni rivojlantirish yuzasidan bergan ko‘rsatmalari bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilganini ta'kidlagan Bozorov Namangan viloyati tom ma'noda gulga burkangan hamda gulchilik sanoati shakllanayotgan viloyatga aylanib borayotganiga e'tibor qaratdi.
«Festivalni yoritish uchun Turkiyadan kelgan bir mashhur jurnalist, tadbirning ochilish kuni O‘zbekistondagi telekanallardan biriga bergan intervyusida, «gullar juda chiroyli, shahar chiroyli, insonlar ajoyib, yuzi kuladi hammaning, o‘zimni tasavvurimdagi jannatda his qilyapman» degani, Namanganimizga hamda Gullar bayramiga berilgan ajoyib ta'rif bo‘ldi desak, adashmaymiz», dedi o‘z so‘zida Namangan viloyat hokimi.

Xayrullo Bozorov bo‘lib o‘tayotgan tadbirni faqat taqdirlash marosimi sifatida ko‘rishni, balki Bobur bog‘idan joy olgan gullar ekspozitsiyalari Mustaqillik bayramiga qadar bog‘ga va Namanganga kelgan gul ishqibozlarining ko‘zlarini va dillarini quvontirishda davom etishini aytib o‘tdi. Viloyat hokimi gul bayramiga ortayotgan qiziqish haqida gapirib, bu yil ochilish marosimi kuni 150 ming kishi Bobur bog‘iga tashrif buyurganini, 5 kun davomida esa bir milliondan ziyod kishi bayramga kelganini ta'kidladi.

Viloyat hokimidan so‘ng so‘z olgan Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov, o‘zining iliq va samimiy fikrlari bilan hamyurtlari – namanganliklarni xushnud etdi.

«Dunyoning istalgan mamlakatida zo‘r gulchi chiqibdi, deyishsa, bilingki, uning asli namanganlikdir – yo bu yerdan ko‘chib borgandir, yoki ajdodlari namanganlikdir. Chunki gulni yuragi pok, ma'naviyati yuksak, go‘zallikni yaxshi ko‘radigan, obodlikni o‘z qo‘li bilan yaratadigan insonlargina o‘stiradi», deb san'at arbobi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shasiga hurmat nuqtai nazaridan tiz cho‘kib, Namangan tuprog‘ini o‘pishi yig‘ilganlarning katta olqishiga sazovor bo‘ldi.























