Prezident Bo‘ka tumanida 5 ta muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bo‘ka tumani davlatimiz rahbarining ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni hayotga joriy etish bo‘yicha namuna qilib olingan. Bugun ushbu tashabbuslar ijrosi bo‘yicha boshlangan ishlar bo‘kaliklar hayotiga tom ma'noda yangi davr ruhini olib kirdi.
Birinchi tashabbus doirasida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, iste'dodini yuzaga chiqarish maqsadida 280 ga yaqin to‘garak tashkil etildi. Bir paytlar to‘xtab qolgan madaniyat markazlari, kutubxonalar faoliyati tiklanmoqda. Maktablardagi to‘garaklarni musiqa asboblari bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Bu kabi tadbirlar orqali tumandagi 10 mingga yaqin o‘g‘il-qizni san'at yo‘nalishiga qamrab olish maqsad qilingan.
Ikkinchi tashabbus asosida farzandlarimizni jismoniy chiniqtirish, sportdagi qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida maktablardagi sport to‘garaklari 35 tadan 64 taga yetkazildi. Mahallalardagi sport maydonchalari ta'mirlanib, obodonlashtirilmoqda. Rovot, Katta Rovot, Navobod mahallalarida tadbirkorlar tomonidan zamonaviy futbol va voleybol maydonchalari barpo etilmoqda.
Uchinchi tashabbus bo‘yicha tumandagi barcha maktablarni kompyuter texnikasi va yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Tuman markazida yaqinda tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi yoshlarning, umuman aholining kompyuter savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchi tashabbus doirasida tumanda “Kitob karvoni” tadbirlari tashkil etilib, 20 mingdan ziyod badiiy kitob aholi, jumladan, yoshlarga sovg‘a qilindi. 5 ta mahalla kutubxonasi tashkil etildi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Buning samarasida kitobxonlar soni ortib bormoqda.
Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda Bo‘ston, Chavlisoy, Ramadon, Katta Rovot mahallalarining har birida 300 ish o‘rniga ega 4 ta tikuvchilik korxonasi barpo etildi. Tuman tadbirkorlari tashkil etgan tikuvchilik korxonalarida 1 ming 200 dan ziyod xotin-qiz ishli bo‘ldi. Yana ikkita tikuvchilik sexi ishga tushish arafasida.
Hunarmand ayollarga 585 nafar turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ishsiz xotin-qiz “ustoz-shogird” an'anasi asosida biriktirildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 452 xotin-qizga 9,7 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 1,3 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” binosi ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi.





















