17:03 / 04.06.2019
8036

Deputat: «Fermerlarning Ekologik partiyaga a'zo qildirilishi - siyosiy texnologiya»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari hamda deputatlar ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

OAV vakillari Jizzax viloyati fermerlar kengashi rahbari tumanlarga xat chiqarib, Ekologik partiyaga har bir tumandan 50 kishini a'zo qilishni so‘ragani haqida savol berdi. “Sizning bunga munosabatingiz qanday?” dedi jurnalist.

Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi deputati Shuhrat Yoqubov:

— Ha, Jizzaxda shunday holat yuz bergani to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqaldi. Birinchi tomondan baholaydigan bo‘lsak, bu — siyosiy texnologiya. Saylovlar arafasida, nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun dunyoda qo‘llaniladi.

Bular «qora», «kulrang», «oq» texnologiyalar deb nomlanadi. Partiyalar shunga o‘xshash har xil usullardan foydalanib saylovlarga kirib boradi. Qonuniy, noqonuniy, qonunda belgilanmagan, lekin mumkin bo‘lmagan, axloqqa zid harakatlar orqali saylovlarga kirib boriladi.

Jizzaxdagi holatni ham mana shunday texnologiya sifatida baholashimiz mumkin. Chunki Ekologik partiya yaqinda tashkil qilingan siyosiy partiya. Uning ham saylovlarga kirib borishida o‘ziga yarasha elektorati, ovoz beruvchilari, qo‘llab-quvvatlovchilari bo‘lishi kerak. Hozir barcha partiyalar odamlarni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilyapti.

Qonunni yaxshi bilmaydigan rahbarning harakati shunaqa kulgili holatga sabab bo‘ldi. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga asosan partiyaga a'zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik har bir fuqaroning o‘z ixtiyorida.

Siyosiy partiyaga a'zo qilasan, deb, norma belgilab, qo‘l ostidagilarga topshiriq berishi unchalik to‘g‘rimas. Agar o‘sha rahbarning qo‘l ostidagilarining siyosiy, huquqiy jihatdan bilimi bo‘lsa, bu talabni bemalol bajarmasligi mumkin. Rahbar hech qanaqa chora ko‘ra olmaydi.

Mavzuga oid
Top