O‘zbekiston | 07:56 / 04.06.2019
11189
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Muhammad Yusuf ijod maktabiga avtobus sovg‘a qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 16-17 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon shahridagi O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lgan, bu yerda tashkil etilgan shoir muzeyini ko‘zdan kechirib, ijodkor yoshlar bilan suhbatlashgandi.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari ta'lim-tarbiya ishlari samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish haqida fikrlar bildirib, yoshlarning boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishlariga ko‘maklashish maqsadida maktabga avtobus ajratish haqida mutasaddilarga topshiriq bergan.

Kuni kecha Andijon shahridagi Muhammad Yusuf xiyobonida mehnat faxriylari, ijodkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov maktab jamoasiga prezident sovg‘asi – avtobusni topshirdi.

Ayni kunda ushbu maktabda 250 nafar yigit-qiz ta'lim olmoqda. Bilim dargohida umumta'lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot, badiiy ijod borasida bilim berilmoqda.

Maktab ma'muriyati tomonidan o‘quvchilar va ustozlardan iborat ijodiy guruhlar tashkil etilib, yozgi ta'til davrida viloyatning chekka qishloqlariga ijodiy safarlar uyushtirish, tengdoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, bolalar dam olish oromgohlarida adabiy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish rejasi ishlab chiqilgan. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda prezident sovg‘asi – avtobus jamoa ijodiy guruhiga ko‘makchi bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid