Zakot – islomning beshta arkonidan biri. U ham imon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish va haj qilish kabi muhim farzdir.
Xo‘sh, zakot kimlarga, qachon va qancha miqdorda berilishi kerak?
O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi mutaxassisi Hikmatillo Toshtemirov shu va boshqa savollarga javob sifatida o‘z ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.
Video: Youtube
“Zakot” arabcha so‘z, “baraka”, “o‘sish” va “poklash” ma'nolarini bildiradi. Shariatimiz istelohida zakot – nisob miqdoridagi mol-mulkka ega bo‘lgan balog‘atga yetgan, aqli raso musulmon kishi bir yil o‘tgandan keyin molining qirqdan birini (2,5 %i) muhtoj kishilarga mulk qilib berishidir.
Zakot hijratning ikkinchi yili Ramazon ro‘zasi bilan ketma-ket farz bo‘ldi. Uning farzligiga Qur'on oyatlari, hadisi shariflar va ummatning ijmosi dalildir.
Qur'oni Karimning yigirma yetti joyida namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e'tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur'oni karimda shunday degan: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).
Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qilganlar: “Mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz...” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qachon molingizning zakotini ado qilsangiz, albatta, zimmangizdagi burchni bajaribsiz”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zimmasiga zakot farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirmasligi kerak. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emasdir. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar.

















