11:50 / 06.06.2019
22266

Ma'muriyat: Ashxobod sayilgohida hech qanday favqulodda vaziyat yuzaga kelgani yo‘q

5 iyun kuni internetda do‘l aralash kuchli yomg‘ir vaqtida Toshkentdagi «Ashxobod» parkida yuzaga kelgan holat tasvirlangan video tarqaldi va bunga favqulodda holat deb baho berildi. Park ma'muriyati vaziyat bo‘yicha izoh berdi.

«5 iyun kuni poytaxtimiz aholisi Ramazon Hayit ayyomini nishonlash hamda yaqinlariga shodlik baxsh etish uchun Ashxobod sayilgohiga tashrif buyurdi. Havoning keskin o‘zgarishi, kuchli shamol va yomg‘ir tufayli ochiq havoda ommaviy sayillar to‘xtatildi. Sayilga chiqqan mehmonlar esa bayramni nishonlashni davom ettirish uchun turli kafe va fudkortlarga yo‘l olishdi. 

Aytish lozimki, havoning o‘zgarishi natijasida Ashxobod sayilgohida hech qanday favqulodda vaziyat yuzaga kelgani yo‘q. Sayilgoh mehmonlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan park xodimlari yordamida navbat bilan attraksionlarni tark etishdi va sayilgohda joylashgan fudkort tomon yo‘l olishdi.

Alohida ta'kidlash lozimki, Ashxobod sayilgohida barcha xavfsizlik standartlariga javob beruvchi yuqori sifatli attraksionlar o‘rnatilgan. Sayilgoh hodimlari va attraksion nazoratchilari esa favqulodda vaziyatlarda o‘zini tutish va yordam ko‘rsatish qoidalari bilan yaqindan tanish.

Aziz mehmonlar, Ashxobod sayilgohi ma'muriyati sizga faqatgina yaxshi kayfiyat, shodlik va quvonch ulashishga harakat qiladi. Bizning sayilgohimizda Siz har qanday noqulayliklardan xoli muhitda dam olishingiz uchun barcha xavfsizlik chora-tadbirlari ko‘rilgan. Ashxobod sayilgohi xodimlari kelgusida ham bizning sayilgohimizda dam olishdan rohatlanishingiz uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qiladi», deyiladi izohda.  

Mavzuga oid
Top