Bu ikki terma jamoaning qarama-qarshiligi keyingi yillarda Yevropadagi eng asosiy to‘qnashuvga aylanishi mumkin.

Millatlar ligasi. A divizion. 1/2 final.
6 iyun. Niderlandi - Angliya (Toshkent vaqti bilan soat 23:45).

Ketma-ket ikki marta jahon chempionatida kuchli to‘rtlikka kirgan terma jamoa keyingi ikki yirik turnirni o‘tkazib yuborishi - inqiroz demakdir. Qolaversa, Yevro-2016 turnirida ishtirokchilar soni oshirilib, 24taga yetkazilgandi. Bu turnirda Albaniya va Vengriya kabi terma jamoalar ishtirok etdi, ammo Niderlandiya emas. Bu shunchaki inqiroz emas, tub edi.

Ammo hozirgi Niderlandiya so‘nggi 12 uchrashuvidan faqat 3tasida yutqazdi - +5=4-3. Bu o‘yinlardagi raqiblar orasida Angliya, Portugaliya, Germaniya, Fransiya va Italiya (bu halqadan Slovakiya va Belarus tushib qoladi) kabi terma jamoalar ham bo‘lgani hisobga olinsa - jamoa uyg‘onish davrini boshdan kechirdi, deyish mumkin. Millatlar ligasida esa hollandlar Fransiya va Germaniyani ortda qoldirgan holda guruhda birinchi bo‘lishdi.

«Kapalak effekti»
Bunday tarixlarga nazar tashlar ekanmiz, tizimli inqirozlar keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish orqali hal qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Misol sifatida, nolinchi yillar boshida Germaniya futbolidagi deyarli afsonaga aylangan o‘zgarishlarni keltirish mumkin.

Ammo Niderlandiyada boshqacha holat. Bolalar va o‘smirlar futbolidagi holat bu yerda hamisha maqtovga arzigulik bo‘lib kelgan. Buni ayni vaqtda «Vitess»da bosh murabbiy bo‘lib ishlayotgan rossiyalik mutaxassis Leonid Slutskiyning so‘zlari ham dalil bo‘la oladi: «Bu yili 2010 yilda tug‘ilgan bolalar chaqirildi. Arnemda 100 ming kishi yashaydi. Nima deb o‘ylaysiz, «Vitess» ko‘rigiga qancha bola keldi? 450 nafar! Menimcha, bu shaharda 2010 yilda tug‘ilgan bolalarning barchasi ko‘rikka keldi-yov. Barcha maktab yoshidagilar futbol bilan shug‘ullanadi yoki futbol maktablarida tahsil oladi. Bu yerda to‘rt yoshdan futbolga qatnay boshlashadi. Men yashaydigan joy atrofida 6ta havaskor jamoa bor. Bu jamoalarning turli yoshlardagi jamoalarida minglab yoshlar futbol bilan shug‘ullanadi. Bularning barchasi uchun davlat to‘laydi», degandi murabbiy.

Niderlandiyaning asosiy termasidagi holat esa bir qaror bilan bog‘liq va bu qaror «kapalak effekti»ga olib kelgan va 2017 yil kuzida jamoa tushkunlik tubiga yetgan. JCh-2014 dan keyin Lui van Gaal o‘rniga terma jamoa bosh murabbiyligini Ronald Kuman egallashi kerak edi. Barchasi amalda kelishib olingandi, ammo oxirgi daqiqalarda keksa, lekin shirin va chiroyli gapiradigan Guus Hiddink bosh murabbiylikka tayinlandi. U bilan niderlandlar Yevro-2016 saralashini muvaffaqiyatsiz boshladi - Chexiya va Islandiyadan mag‘lub bo‘lindi. Zudlik bilan terma jamoa boshqaruviga Danni Blind olib kelindi, keyin uni Dik Advokat almashtirdi.