Shimoliy Afrikada joylashgan Sudan davlati doim notinchlik o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Qizil dengiz bo‘yidagi 41 milliondan ko‘proq aholisi bo‘lgan Sudan hozir har qachongidan ko‘ra notinch. 30 yildan ortiq mamlakatni boshqargan Umar al-Bashirning taxtdan ag‘darilishi Sudanda xaos boshlanishiga sabab bo‘ldi.
Sudan shifokorlar qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, shu kunlarda Nil daryosidan 40 jasad topilgan. Mamlakat o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Nilning poytaxt Xartumdagi qismidan topilgan jasadlar namoyishlarga chiqqan muxolifatchilarning jasadlari ekani aytilmoqda. Shifokorlar qo‘mitasi mamlakatda ikki kunda 100 nafar odam o‘ldirilganini ma'lum qildi: «Nil daryosidan 40 jasad olib chiqilganini afsus bilan ma'lum qilmoqchimiz. Ular «Janjavid» (arablar boshqaruvidagi harbiy kuch. Uning ma'nosi «ot ustidagi jin» degani) kuchlari tomonidan noma'lum tomonga olib ketildi»,- deb yoziladi Sudan shifokorlar qo‘mitasining feysbukdagi sahifasida.

STR/GETTY IMAGES
Umar al-Bashir taxtdan ag‘darilgach, muxolifat vakillari hokimiyat fuqarolarga berilishini talab qila boshladi. Ayni damda Sudanda hokimiyat Harbiy kengash nomini olgan harbiy elita qo‘lida va ular muxolifatchilarga o‘t ochishni boshlab yuborgan. Poytaxtda palatkalarda yashab yurgan muxolifat vakillari tinch namoyishlarda qatnashayotgan bo‘lgan, 3 iyun kuni harbiylar ularga qarata o‘q uzgan.
Harbiy kengash vakillari qurol muxolifatga emas, ularning orasiga kirib olgan jinoyatchilarga qarshi ishlatilgani iddao etmoqda. Sudanni to‘liq qo‘lga olishga intilayotgan Harbiy kengash muxolifatni muzokaralar stoliga chaqirgan, lekin Xartumga muzokaralar uchun borgan muxolifat yetakchilaridan biri qo‘lga olingan.
BMT 2003 yildayoq «Janjavid», ya'ni bugun «Tezkor kuchlar» deb aytilayotgan harbiy tashkilotning xavfli ekanidan ogohlantirgan. Bu tashkilot a'zolari 2003 yilda etnik mojaro vaqtida o‘ta shafqatsizligi bilan yodda qolgan.
Sudan poytaxti Xartumda fuqarolar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqishmoqda. Sudan razvedkasining shaxsini oshkor qilmaslikni so‘ragan sobiq xodimining aytishicha, jasadlari Nil daryosidan topilgan odamlar hukumat tarafdorlari bo‘lgan kuchlar tomonidan o‘ldirilgan.
«Bu qirg‘in edi», deya sobiq razvedkachining so‘zlarini keltirmoqda Britaniyadagi 4-kanal jurnalisti Yusra Elbagir.




















