O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashishni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Moliya vazirligining 2019-2021 yillar davrida avtomobilda xalqaro yuk tashish uchun foydalaniladigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashiydigan tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagilarni berishni nazarda tutuvchi mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan katta yuk avtotransport vositalari, tirkamalar va yarim tirkamalarni sotib olishda milliy tashuvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini joriy etish:

tijorat banklarining jalb etiladigan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 25 foizi miqdorida, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, xorijiy valutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi, biroq 3 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiya berish;

tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 2 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafillik berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilanishicha:

ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 4 yildan ortiq muddat o‘tmagan katta yuk avtotransport vositalari, shuningdek, ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 6 yildan ortiq muddat o‘tmagan tirkamalar va yarim tirkamalar tijorat banklari tomonidan ularni kreditga sotib olishda har ikki tomonning roziligi bilan garov ta'minoti sifatida qabul qilinishi mumkin;

soliq solish maqsadida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan yuqori massasi 12 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari (samosvallardan tashqari), o‘tirgichli tyagach (shatak), shuningdek, maksimal massasi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan tirkamalar va yarim tirkamalarning yillik cheklangan amortizatsiya normasi 10 foizni tashkil etadi;

milliy tashuvchilarga sotish uchun katta yuk avtotransport vositalari, tirkamalar va yarim tirkamalarni import qilish texnik topshiriqlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda majburiy ekspertiza qilmasdan va ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshiriladi.