8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi soat 02:10 larda Marg‘ilon shahar, Pichoqchi MFY, Xiyobon ko‘chasi, 174A-uyda joylashgan «Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo» MChJga qarashli ulgurji va chakana tovarlar sotishga ixtisoslashtirilgan 3-sonli savdo pavilonida yong‘in sodir bo‘ldi.

Yong‘in xavfsizligi xizmati ma'lum qilishicha, Marg‘ilondagi bozorda yuz bergan yong‘inda halok bo‘lgan va jarohatlanganlar yo‘q.

2019 yil 9 iyun kuni tungi soat 02.05da Marg‘ilon shahar YoXB dispetcherlik xizmatiga shaharning Pichoqchi mahallasida joylashgan «Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo kompleksi» MChJda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Xabar asosida birinchi bo‘linmalar soat 02.10da voqea joyiga yetib borganida savdo kompleksining keng maydonda qurilish konstruksiyalari va savdo do‘konlarining tom qismidan quyuq tutun aralash alanga chiqib yonayotgani ma'lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 04.20da qurshab olinib, 05.40da batamom o‘chirilgan.

Yong‘inni o‘chirishga jami 19ta asosiy va 3ta maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari jalb etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hodisa oqibatida savdo kompleksi binosining (tim) taxminan 1575 kvadrat metr maydonidagi qurilish konstruksiyalari va tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan savdo rastalar, tez yonuvchi materiallaridan (taxta-yog‘och, DVP, plastik va boshqa) qurilgan savdo do‘konlar va ular ichida saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari yonib, zararlangan. Amalga oshirilgan tezkor harakatlar natijasida savdo kompleksining 8.865 kv.m maydoni saqlab qolinishiga erishilgan.

Yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda.

Telegram’dagi «Farg‘onaliklar» kanalida aytilishicha, bozor sobiq traktor ta'mirlash zavodi hududida joylashgan. 2013 yilda Marg‘ilonda sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rniga joylashtirilgan «Kombinat bozori» hududida ham yong‘in chiqqan edi.