Buxoroda kurash bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini” uchun Bahouddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlangan I Xalqaro turnirning birinchi davra bellashuvlariga start berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqaga 20 ga yaqin davlatdan nomdor polvonlar tashrif buyurib, qatnashchilar soni jami 135 nafarni tashkil etdi. Shundan 95 nafari xorij mamlakatlaridan, 26 nafari turli viloyatlardan bo‘lsa, 14 nafari Buxoroning o‘zidan.
Dastlab ishqibozlar 52 kg vazn toifasidagi qizlar – Muxlis Muhammadiyeva va Ozoda Nurmatova, shuningdek, 66 kg vazn toifasidagi erkaklar – Chori Zoirov va Abror Jabborovlar o‘rtasida kechgan qizg‘in bellashuvga guvoh bo‘lishdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, 52 kg vazn toifasidagi qizlar o‘rtasidagi bellashuvda o‘zbekistonlik Gulnor Sulaymonova 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Xitoy Taypeyi vakili Sou Xea Venga nasib etdi. Yana bir hamyurtimiz – Oysuluv Majidova hamda qirg‘izistonlik Eliza Abdukaderova 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.
60 kg vazn toifasidagi kurashchilar o‘rtasidagi bahslarda o‘zbekistonlik Chori Zoyirov – 1, qozog‘istonlik Amanxan Oskenbayev – 2, afg‘onistonlik Chakmar Merajiddin va o‘zbekistonlik Furqat Ma'rufjonovlar 3-o‘rinlarni egallashdi.
Bundan tashqari, 66 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda Erondan tashrif buyurgan taniqli polvon Ja'far Feruzobodiy 1-o‘ringa munosib deb topildi. 2-o‘rin o‘zbekistonlik Mirjon To‘xtayevga nasib etdi. Afg‘onistonlik Shuabmuhammad Yusuf hamda o‘zbekistonlik Qobiljon Ahmedovlar 3-o‘rinni egallashdi.



















