Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev «Meduza» jurnalisti Ivan Golunov javobgarlikdan ozod qilinishini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistning aybdorligi isbotlanmagan va unga qarshi jinoiy ish yopilgan.

«Jurnalist bugunoq uy qamog‘idan ozod etiladi», deb va'da berdi vazir.

6 iyun kuni Moskvada «Meduza»ning maxsus muxbiri, o‘zining o‘tkir jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan jurnalist Ivan Golunov qo‘lga olingandi.

Katta miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblanayotgan Golunov uy qamog‘iga hukm qilindi. Ivan Golunov sudda o‘zining aybsizligini ma'lum qildi.

Shundan keyin Moskvada va Rossiyaning boshqa shaharlarida, shuningdek xorijda ham «Meduza» jurnalistini ozod etishni talab qilgan holda ommaviy aksiyalar o‘tkazila boshlandi.

10 iyun kuni «Vedomosti», «RBK» va «Kommersant» nashrlari dushanba kuni muqovasida «My Ivan Golunov» («Biz Ivan Golunovmiz») iborasi bilan chiqish qildi. Shu tariqa, bu gazetalar narkotik saqlashda gumonlanib qo‘lga olingan jurnalistni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.