«Mening fikrim» avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor qilingani haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi. Yakuniy qarorga hali kelinmagan.
«Mening fikrim» portali ayrim saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimining bekor qilingani haqida tarqatilayotgan ma'lumotlarning asossizligi haqida ma'lum qildi.
Xabarda aytilishicha, avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi hozir ham amalda bo‘lib turibdi va bekor qilinmagan.
«Mening fikrim» veb-portalida «Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish to‘g‘risida»gi № 1620-s-p/18-sonli elektron jamoaviy murojaat 2019 yil 2 yanvar kuni yetarli ovoz to‘pladi.
Murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqildi va «Mening fikrim» veb-portali orqali «Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish haqida»gi elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tartibini bekor qilish masalasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 48-bandi ijrosi doirasida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Hozirda ushbu qaror ayrim saytlar (repost.uz va boshqalar) va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa-kanallar (Kanallarning dodasi, Uzbekvideo, Exo Uzbekistana va boshqalar) tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi bekor qilinganligi haqida asossiz axborot tarqatilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hozirda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi amalda ekanligi va bekor qilinmaganligini ma'lum qilamiz, deyiladi Qonunchilik muammolari institutining telegramdagi kanalida joylashtirilgan xabarda.
2018 yilning 22 oktyabrida «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etilgandi.
















