O‘zbekistonlik blogerlardan biri bu yil abituriyentlar o‘qishga hujjat topshirganida ikki marta pul to‘lashiga to‘g‘ri kelishini yozdi.

Uning yozishicha, avvalgi yillarda tugatgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda EKIHning yarim baravari (101365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Bundan tashqari, agar abituriyentlar Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand davlat universitetiga davlat xizmatlari markazi orqali hujjat topshirsa, 101 365 so‘m to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Demak, o‘tgan yili imtihondan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan abituriyentlar ikki marta pul to‘lashadi:

- imtihonlarda ikkinchi marta qatnashayotganligi uchun 101 365 so‘m;

- davlat xizmatlari markazi orqali hujjat topshirgani uchun 101 365 so‘m.

Blogerning qayd etishicha, imtihonlarda qatnashishning o‘ziga davlat 200 ming so‘mdan ortiq to‘lov undirmoqda. 

Kun.uz bu masalada aniq va batafsil ma'lumot olish uchun davlat xizmatlari agentligiga murojaat qildi. Savollarga agentlikning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara Zokirova javob berdi.

- Ayting-chi, abituriyentlar davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali hujjat topshirganida qancha miqdorda to‘lov to‘laydi?

- O‘rta ta'lim muassasalarini joriy yilda bitirgan abituriyentlar imtihonda qatnashish uchun hamda DXM xodimlari xizmati uchun pul to‘lamaydi.

O‘rta ta'lim muassasalarini avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun EKIH yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov to‘laydilar. Hujjatlarni elektron tarzda topshirmoqchi bo‘lganlar uchun to‘lanadigan summaning 10%i miqdorida chegirma qilinadi, ya'ni 91 228 so‘m 50 tiyin to‘lashadi va bu pullar davlat test markaziga yo‘naltiriladi.

E'tibor bering, har ikki holatda ham davlat xizmatlari markazi uchun to‘lov undirilmaydi. 

- Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Vazirlar Mahkamasining 7 iyun kungi qarorida «bir ayyorlik o‘tib ketgani», ya'ni Adliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma hisobiga pul o‘tishi haqida yozdi. Buni qanday izohlaysiz?