13 iyun kuni Ummon ko‘rfazi hududida Saudiya Arabistonidan Singapur va Tayvanga yo‘l olgan ikki tankerda portlashlar yuz berdi. 

AQSh mudofaa vazirligi ushbu portlashlardan keyin bu hujumda eronliklarni ayblab video tarqatdi. Pentagonning tasdiqlashicha, hujumdan 8 soat vaqt o‘tib tankerlardan biriga yaqinlashgan eronliklar kateridagi harbiylar undan portlamay qolgan minani yechib olgan.

Shu kuni bu hududda harakatlangan ikkita tanker - yaponlarning va norveglarning kemalari qutqaruv signalini yo‘llagan, amerikalik harbiylar yordamga yetib kelgandi.

AQSh harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, videoda Yaponiyaning «Kokuka Kareyjyes» tankeri bortiga o‘rnatilgan minani ko‘rish mumkin.

Norvegiyaning «Front Altair» tankeri ekipaji ham ko‘rfazdagi hujum haqida ma'lum qilgandi. 

Kemalar ekipaji a'zolari («Kokuka Kareyjyes»dan 21 kishi, «Front Altair»dan 23 kishi) evakuatsiya qilindi va hodisa oqibatida hech kim jabrlanmadi.

AQSh ushbu hujumlarda Eronni aybladi. Eron bu ayblovlarni qat'iyan rad etdi.

May oyida ham Fors ko‘rfazida, BAAning hududiy suvlarida turgan bir necha neft tankerlariga hujumlar uyushtirilgandi. AQSh bu hujumlarda ham Eronni ayblagan va hududdagi harbiylari sonini ko‘paytirishga kirishgandi. Ammo hozirga qadar Eronning hujumlarga aloqadorligi bo‘yicha dalillar keltirilmagandi.

Portlashlar haqida nimalar ma'lum?

Foto: AFP

AQSh tomoni bayonotiga ko‘ra, amerikaliklarning ushbu hududdagi harbiy kemasi norvegiyaliklar kemasidan mahalliy vaqt bilan soat 6:12da, yaponlar tankeridan esa soat 7:00da signal qabul qilgan.

Ikki tanker ham bortda portlash bo‘lgani haqida xabar bergan. Amerikalik harbiylar zudlik bilan voqea joyiga yo‘l olishgan.

«Beynbrij» voqea hududida eronliklar katerini payqaganini ma'lum qildi, keyinroq amerikaliklar bu katerdagi eronliklar «Kokuka Kareyjyes» tankeridan portlamay qolgan minalarni yechib olayotganini ko‘rsatuvchi dalil sifatida yuqoridagi videoni namoyish etishdi.