2019 yilning 16 iyun kuni Bangladesh Xalq Respublikasi prezidenti Muhammad Abdul Hamid boshchiligidagi delegatsiya norasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Buxoro xalqaro aeroportida Bangladesh prezidentini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev hamda Bangladesh Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan kutib olishdi. Buxoroda Bangladesh delegatsiyasi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Ark qal'asi, Poi-Kalon kompleksi va Labi-Hovuz me'moriy ansamblida bo‘ldi.
17 iyunda Bangladesh Xalq Respublikasi prezidenti Abdul Hamid boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga keldi. Yuksak martabali mehmonlar bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida poytaxtning «Hazrati Imom» majmuasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lishdi. Shuningdek, «Uztex Chirchik» to‘qimachilik fabrikasiga ham tashrif buyurishdi.
«Hazrati Imom» yodgorlik kompleksiga tashrif davomida Bangladesh prezidenti Abdul Hamid va unga hamrohlik qilayotgan oila a'zolari hamda rasmiylarga Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish konsepsiyasi haqida batafsil ma'lumot berildi.

Tashrif davomida mehmonlar jome masjidi va muqaddas Usmon Qur'oni bilan tanishishdi. Bangladesh rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiya markazini yaratishga doir g‘oyasini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi va «Hazrati Imom» majmuasi me'morchiligi unda katta taassurot qoldirganini ta'kidladi. Shuningdek, Bangladesh prezidenti O‘zbekiston prezidenti tomonidan mamlakatda muqaddas Islom dinining asl mohiyati va mazmunini targ‘ib qilishga doir olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Muhammad Abdul Hamidning so‘zlariga ko‘ra, Bangladeshda yashovchi har bir kishi maktab davridanoq Buxoro va Samarqandni Islom sivilizatsiyasi markazlari va islom ulamolari hamda muqaddas hadislar mualliflari zamini sifatida taniydi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyida Bangladesh prezidentiga buyuk sulolaning paydo bo‘lishi, Amir Temurning jahon tarixidagi o‘rni, u tomonidan asos solingan davlatni adolatli boshqarish tamoyillari haqida ma'lumotlar berildi. Prezident Abdul Hamid O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi tarixiy aloqalar haqida so‘z yuritar ekan, Bangladeshning zamonaviy poytaxti – Dakka shahriga Boburning nevarasi Jahongir tomonidan asos solingani va dastlab «Jahongir Nagar» («Jahongirning shahri» – tarj.) deya nomlangani, shuningdek, mamlakatning eng yirik oliy ta'lim muassasalaridan biri Jahangirnagar University nomini olgani haqida hikoya qildi.


















