Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining farmoni imzolandi.
Hujjat bilan, Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi, mazkur konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning prognoz ko‘rsatkichlari hamda 2019-2022 yillar davomida qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Shuningdek, farmonga muvofiq, qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi ham tasdiqlansin.
Ishchi guruhiga:
xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda eksperiment tariqasida 2019 yilda Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini yaratish;
eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 noyabrga qadar Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini boshqa hududlarda joriy etish, shu jumladan yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikning aniq shartlarini, qo‘shimcha imtiyozlar, alohida imtiyozli kredit liniyalarini hamda foydalanishga kiritilgan yer va suvdan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Hujjatda Konsepsiyani amalga oshirish doirasida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini tiklash, rekonstruksiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda suvsizlikka chidamli ekinlarni ekish orqali foydalanishga kiritish uchun investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga:
qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yerlar, shuningdek, lalmi va o‘rmon fondi yerlari – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga;
yaylov, bo‘z, ko‘p yillik daraxtzorlar va boshqa yerlar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, qishloq xo‘jaligi korxonalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan investorlarga berilishi belgilandi.

















