Ish beradigan g‘oyalarni yaxshilang, aqlli kishilar bilan muloqotda bo‘ling va sarmoyadorlarni jalb qilishga harakat qiling.

Layfxaker sayti o‘z o‘quvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda saytning 2 372 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan. Natijalar tahlil qilingan va eng keng tarqalgan sabablar tanlab olinib, ularni bartaraf etish yo‘llari taqdim etilgan.

Foto: Layfxaker

Birinchi sabab: «Pul keltiradigan g‘oyani topa olmayman»

Ovoz berganlarning 38 foizi biznes uchun yo‘nalish topa olmasliklarini aytishgan. Ularda quvvat, kuch va tadbirkor bo‘lish uchun imkoniyat mavjud. Biroq betakror va daromadli g‘oyani topa olishmaydi.

Muammoni qanday hal qilish mumkin?

Diqqatni g‘oya emas, muammoni izlashga qarating. Agar korxonangiz hech kimga kerak bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa, bunday biznes muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Muayyan odamlar guruhiga xos bo‘lgan muammoni topib, unga yechim taklif etish kerak. Aynan o‘zingiz boshdan o‘tkazgan muammo bo‘lsa yanada yaxshi.

Kelajak haqida o‘ylang. U uchuvchisiz qurilmalar, aqlli gadjetlar, sun'iy idrok qo‘lida. Ana shu narsalar atrofidagi g‘oyalarni izlang.

O‘zingiz faoliyat yuritadigan biznes yo‘nalishini ko‘zdan kechiring. So‘zsiz, sizda tajriba va tanishlar bor – bu esa tadbirkorlik olamiga kirishni yengillashtiradigan ijtimoiy mablag‘. Shuningdek, siz ishlayotgan kompaniya rahbariyati yoki mijozlardagi muammolar tushunarli.

Mavjud jarayonlarni optimallashtiring. Agar odamlar vaqt va pul yo‘qotayotgan sohani topish, keyin esa ushbu muammoning yechimini taklif etishga muvaffaq bo‘lsangiz, muvaffaqiyatli biznes yaratish ehtimoli yuqori.

Nusxa oling. Biroq to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirmang. Hozirda ishlayotgan g‘oyalarni yaxshilang – bu startapingizga mijozlarni jalb etishning yagona usuli.