O‘zbekiston | 12:10 / 25.06.2019
71933
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tashkent City qurilishini borib ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi

Mazkur xalqaro biznes markazi sakkizta lotga ajratilgan holda barpo etilmoqda. Shu paytgacha 7 million kub metr tuproq ishlari bajarilib, ellikdan ziyod binoga mustahkam poydevor yaratildi. Bugungi kunda beton karkaslar va devorlar qurish, muhandislik tarmoqlari tortish ishlari olib borilmoqda. 

Kongress-xoll va Hilton mehmonxonasi qurilayotgan 5-lot eng ilg‘or maydonlardan biri. Ushbu binolarda temir-beton, metall konstruksiya va tom yopish ishlari yakunlangan bo‘lib, qurilish hajmining sakson foizdan ziyodi bitgan. Hozirda elektr tarmoqlarini montaj qilish, ichki pardozlash va mexanika ishlari bajarilmoqda.

Davlatimiz rahbariga avvalgi tashrif chog‘idagi ko‘rsatmalarning ijrosi haqida ma'lumot berildi. Jumladan, ulkan kongress-xollda barcha formatdagi xalqaro tadbirlar tashkil etish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bu yerda sammitlar, ular doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni yuqori darajada o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Katta delegatsiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xizmat ko‘rsatuvchilar uchun zarur qulayliklar yaratiladi.

Prezident kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib ko‘rdi. Shu yerda mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat  ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, muntazam daromad topishni ta'minlash, hududda barpo etiladigan istirohat bog‘ida yurtdoshlarimiz va turistlar uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid