O‘zbekiston | 14:30 / 25.06.2019
7773
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT bosh kotibi O‘zbekistonda ochiqlik siyosati davom etishiga umid bildirdi  

Bugun, 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi jamoasi hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda agentlik direktori Komil Allamjonov feysbukdagi sahifasi orqali ma'lum qildi.

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

“Muloqot davomida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, so‘z va matbuot erkinligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdik. O‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama aloqalar hamda manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik”, deb yozadi Allamjonov.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda janob Greminger O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlardan xabardor ekanligini hamda YeXHT bu islohotlarga nisbatan yuqori baho berishini, shu bilan birga, jurnalistlar ham so‘z mas'uliyati va jurnalistika etikasi hamda qonun-qoidalariga rioya etishi lozimligini ta'kidladi. 

Foto: Facebook/Komil Allamjonov

Tomas Greminger O‘zbekistonda chet el axborot resurslariga kirish imkoniyati berilganini yuqori baholadi. U respublikadagi ochiqlik siyosati davom etishiga umid bildirar ekan, YeXHT barcha yo‘nalishda O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

Mavzuga oid