Donald Tramp kelganidan so‘ng AQSh xalqi yanada qadrlayotgan mamlakatning 44-prezidenti Barak Obama o‘zining mamlakat rahbarlari uchun favqulodda kamtar hayot tarzi bilan ajralib turardi. Chikagoda kreditga uy olgan Obama hamon o‘sha qarzlarini to‘layotgani aytiladi. Prezidentlikdan boshini baland ko‘targan holda ketgan Obama dunyoning eng qudratli mamlakatini boshqargan vaqtida ham oddiy hayot tarzidan voz kechmagan.

2010 yilda o‘sha vaqtdagi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev rasmiy tashrif bilan Amerikaga borgandi. Bundan roppa-rosa 9 yil oldin, 2010 yil 25 iyunda AQSh prezidenti Baraka Obama rossiyalik hamkasbini hayotidagi eng unutilmas nonushtaga taklif qiladi.

Odatda rasmiy tashrif davomida mamlakat rahbarlari alohida mashinalarda yurishadi, lekin Obama Medvedevni o‘z mashinasida yurishga taklif qilgandi. O‘shanda «birinchi raqamli» limuzinga jurnalistlar ham kiritilgan va ularga suratga olishga ruxsat berilgandi (demokratiyani shu qadar ta'minlab qo‘ygan AQSh keyin boshqalarga demokratiya, erkin fikr haqida va'z o‘qiydi-da, deging keladi kishi).

Obama hamkasbini Vashingtondagi o‘zi borib turadigan «Ray's Hell Burger» yemakxonasiga taklif qilgandi. Juda oddiy bo‘lgan bu kafeda o‘tirganlar dunyoning eng katta ikki davlat yetakchilarini ko‘rib hayron qolishgandi. Prezidentlar aynan o‘sha yerda nonushta qilishlari haqida faqat AQSh xavfsizlik xizmatlarigina bilishgan. Yemakxona egalari va xizmatchilari ham AQSh hamda Rossiya yetakchilarining nonushtasi aynan ularning kafesida o‘tishidan bexabar bo‘lgan.

Obama «Ray's Hell Burger»ni o‘zining eng yoqtirgan tamaddixonalaridan biri ekanini aytib, Medvedevga nimani tanlashni taklif qiladi. Rossiya yetakchisi o‘ziga piyozli, «Chedder» pishlog‘i va qo‘ziqorin qo‘shilgan burger buyurtma qiladi. Obama esa burger bilan birga pomidor va bodring ham buyurtma qilgandi. Ichimlik sifatida Obama yaxna choyni tanlaydi, Medvedev esa koka-kolani ma'qul ko‘radi.

Obamaning taklifiga ko‘ra prezidentlar bir porsiya qovurilgan kartoshkani (fri) teng bo‘lib yeyishadi. Medvedev hisobni to‘lashni taklif qiladi, lekin Obama u mehmon ekanini aytib, 19 dollardan ko‘proq hisobni o‘zi to‘laydi. Qaytimni esa AQSh prezidenti kassa oldidagi xayriya qutisiga tashlaydi.