Yevropada yozgi transferlar davom etmoqda.

Federiko Keza, «Fiorentina»
Transfermarkt bo‘yicha narxi – 60 mln yevro

Bu qaysar qanot hujumchisi Krishtianu Ronalduning yoshligini eslatib yuboradi. U darvoza tomon ko‘p zarba beradi, raqib bilan to‘p uchun kurash vaqtida osonlik bilan yiqiladi, ikki-uch raqib qarshisida dribling ishlatishga kirishadi va ba'zida nozik paslari bilan hayratga soladi. To‘g‘ri, «Fiorentina»ning juda yomon o‘tgan mavsumi uning statistikasiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi: bir mavsumda atigi 10 gol va bir uzatma. Bu kam, ammo uni sheriklari qo‘llab-quvvatlashmadi. Florensiyaliklar A Seriyaning so‘nggi 14 uchrashuvida bitta ham g‘alabaga erisha olmadi, jamoa ikkinchi mavsumda faqat ikki o‘yinda g‘alaba qozondi va natijada mavsumni 16-o‘rinda yakunladi. Bunday jamoada porlashning imkoni yo‘q, ammo Kezaga alohida e'tibor qaratilmoqda. Birinchi navbatda «Yuventus» tomonidan. Italiya terma jamoasi a'zosi bo‘lgan bu 21 yoshli futbolchiga «PSJ», «Napoli», «Inter» va «Tottenhem» ham talabgor.

Sergey Milinkovich-Savich, «Latsio»
Transfermarkt bo‘yicha narxi – 65 mln yevro
«Latsio» prezidenti Klaudio Lotito murosa qilmoqchi emas: «Milinkovich-Savich? Faqat bir gapni aytishim mumkin, u sotilmaydi. Ammo yana bir gap aytishim mumkin, agar biz chindan ham yaxshi taklif olsak, unda bu masalani futbolchi bilan muhokama qilamiz». Bu Lotitoga xos tadrijiylik.

Serbiyalik futbolchiga bir necha katta klublardan qiziqish mavjud. Pol Pogba uchun o‘zaro raqobatlashayotgan  «Real» va «Yuventus» Sergeyni zaxira variant sifatida belgilab olishgan. Uning o‘yinlarini kuzatib kelayotgan yana bir katta klub esa – «Manchester Yunayted».

U avvalgi mavsumda kashfiyotga aylangandi, ammo o‘tgan yil yozida rimliklar klubi rahbariyati uni 90 million yevroga ham sotmagandi, yakunlangan mavsumda esa u o‘sishdan to‘xtadi. Ammo bu markaziy yarimhimoyachi hamon jismoniy jihatdan ustunliklarga ega va «Latsio»ning asosiy futbolchisi. U ikkinchi qavatda yaxshi harakatlanadi, a'lo darajadagi driblingga ega va uzatmalari sifatli. Qolaversa, ushbu serb katta o‘yinlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Aynan u Italiya Kubogi finalida gol urib, «Latsio»ga g‘alaba keltirgandi. O‘shanda Milinkovich-Savich o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgandi. U maydonda barcha ishni qila oladi, faol harakatlanadi – skautlar uni Pol Pogbaga muqobil variant sifatida ko‘rishi bejiz emas. U «Latsio»da uzoq vaqt qolmasligi aniq.