Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya manbaalari bilan ta'minlash mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda energetika sektorini tartibga solish, energoresurslarni qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sarmoyani jalb qilish, raqobatli biznes muhitni shakllantirishga ko‘maklashish uchun tarif siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha ma'lumot berildi.

O‘tgan haftada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishi vaqtida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirgandi. Prezident mas'ullar mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim imzolash oldidan milliy manfaatlarni hisobga olishi kerakligi, lekin bu holatda milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytgandi.

«O‘zbekneftgaz» rahbari Bahodir Siddiqov ushbu holat bo‘yicha savolga javob qaytardi.

«Shuni ta'kidlashni istardimki, «Lukoyl» bugungi kunda nafaqat neft-gaz sohasida, balki butun O‘zbekiston Respublikasidagi eng yirik investor hisoblanadi. Hozirda «Lukoyl» investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshadi, aniqrog‘i, 7,4 milliard dollar bo‘lib, gaz-kimyo majmuasi qurilishi uchun uglevodorod xomashyosini qazib olish loyihasi doirasida sarflangan. 

«Lukoyl» oldidagi qarz bir yil ichida paydo bo‘lmaganini ta'kidlamoqchiman. Biz keyingi yillarda «Lukoyl»ga sotilgan tabiiy gazdan ichki iste'molchilar uchun sotib olamiz. Bu tabiiy gaz iste'moli aholi tomonidan ham, mamlakatimiz rivoji uchun bugungi kunda tashkil etilayotgan yangi korxonalar tomonidan ham tabiiy gaz iste'moli oshishi bilan bog‘liq. 

Bugungi kunda gap imzolangan bitim mamlakat manfaatlariga mos kelish-kelmasligi haqida emas. Vujudga kelgan qarz «Lukoyl» bilan mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida kompaniya operatori bilan loyiha bo‘yicha uch oylik tabiiy gaz qazib olish hajmini tashkil etadi.

Bu qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga egamiz. Hozirda «Lukoyl» kompaniyasi bilan qarzdorlikning ushbu qismini restrukturizatsiya qilish va uni kelgusi davrlarda to‘lash bo‘yicha kelishuvga egamiz. Bundan tashqari, mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida qazib olinayotgan gaz eksportga yo‘naltirilishiga ko‘proq e'tibor qaratishimiz lozim. Prezidentimiz oldimizga shunday vazifani qo‘ygan va biz buni to‘la-to‘kis anglab turibmiz. Bugungi kunda «O‘zbekneftegaz»ning barcha sa'y-harakati o‘z qazib olish hajmini oshirishga, kelgusida bu gaz ichki iste'molchilarga sotilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Chunki sotib olish va sotish narxi orasida farq bor va mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida barcha qazib olingan gaz eksport qilinishi shartiga amal qilinsa, bu O‘zbekiston uchun ham daromadli loyihadir hamda «Lukoyl»ning daromadlar bo‘yicha talabiga ham mos keladi.