Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, hokimlikda tashkil etilgan OAV vakillari bilan uchrashuvda, ayrim masalalar mohiyati, mantig‘ini tushuna olmayotganini bildirdi. U Kun.uz muxbirining savoliga javoban, budjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismining 10 foizi xususida shaharliklarga xabar berilishini ma'lum qilib, budjetga pul berib, davlat dasturlari ijrosi uchun uning bir qismini olish muammo bo‘layotganini aytdi.
«Bir yil-u ikki oydan beri hokim sifatida ishlayapman. Ammo tushunmayotgan narsalarim juda ko‘p. Toshkent shahri respublika budjetining 25 foizi, ya'ni to‘rtdan birini beradi. Bu 20 trln so‘m. Mening hokim bo‘lib tushunmagan narsam shuki, Prezident tashriflari chog‘ida dasturlar ishlab chiqiladi, protokollar tuziladi.

Hokimlikni birorta korxona yoki tashkilotga qiyoslasak, shu korxona rahbari dasturdagi ishlarni bajarishga kerak bo‘ladigan pulni olish uchun pul beruvchining eshigiga borib yalinishi kerak. Bu qanday mantiqqa to‘g‘ri kelishini tushunmayapman.
Men biznesdan chiqqanman. Ko‘p fabrikalarimiz bo‘lardi. Ertalab ishimni kattaroq daromad berayotgan fabrikadan boshlardim. Kirib, «ey do‘stim, janob falonchi, yanada ko‘proq daromad olishimiz uchun bizdan qanday yordam kerak, nima qilishimiz, qancha investitsiya tikishimiz kerak», deb yigitlardan iltimos qilardim. Bu yerda ham pul berarkansan, ham dasturga kirgan pulning 1/6 qismini olish uchun ertalabdan kechgacha sarg‘ayib o‘tirar ekansan, iltimos qilib. Mana shu masalaning mantig‘ini hamon tushunganim yo‘q.
Men to‘g‘risini aytaman, 1 mlrd so‘m soliq to‘laganni oldiga borib, rahmat senga deb, televizor yoki shirinlikmi, sovg‘a qilib, xabar olib kelyapmiz. Biz soliqlarni yig‘ib beramiz, respublika dasturiga, Prezidentimizning dasturiga kirgan 1/6 qism pulimizni olish uchun ikkita odamim ertalabdan kechgacha, eshigining tagida sarg‘ayib o‘tiradi: iltimos, bergan pulimizdan dasturga kirgan vazifalarni bajarishimiz uchun pul bering deb.
Biz axir qon so‘ruvchi emas, qon beruvchimiz. Biz borib yalinishimiz kerakmi, dasturga tushganlarga pul bergin, deb yoki ularmi? Men hech kimning yalinishini xohlamayman. Ammo o‘z pulingni olishing uchun, eshik tagida sarg‘ayib, akajon, sizning qachon vaqtingiz bo‘ladi, qachon qabulingizga kirsam bo‘ladi? Maktab qurish kerak, bog‘cha qurish kerak. Dizelga pulimiz yo‘q, ertaga ertalab transport yo‘lga chiqmaydi. Shifoxonamizda oddiy analgin-dimedrolga pulimiz qolmagan. Ham pul beramiz, ham yalinamiz.

















