Tahririyatimizga murojaat qilgan, hasratidan o‘t chiquvchi ayolning xati birinchi o‘qishdayoq kishini o‘yga toldiradi:

«Men Zokirova Manzura, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «Nurafshon MFY»da 5 nafar farzandim bilan yashab kelayotgan edim. Yolg‘iz onaman. Mening 5 nafar farzandim boquvchisini yo‘qotgan. 2017 yil 18 dekabr kuni yashab turgan uyim yonib ketdi. Men o‘sha kuni ishda edim. Xullas, mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman va viloyat hokimligi barcha tashkilotlar bundan xabardor bo‘lishdi. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan so‘ng 2018 yil sentabr oyida Sharof Rashidov tumani hokimi S.Ismoilovning sa'y-harakati bilan avval 10 million, 2 noyabr kuni 25 million mablag‘ni o‘zimning shaxsiy plastik kartochkamga yonib ketgan uyimni ta'mirlash uchun tashlab berishdi. Hammasi shundan so‘ng boshlandi. Menga uy ta'miri uchun berilgan mablag‘ hokimiyatdagi qurilish bo‘limidagilar tomonidan ishlatib yuborildi. Uyimni chala ta'mirlab ketishgan. Ayni damda besh nafar farzandim bilan ijarama-ijara yashab yuribman. Haqiqat yuzaga chiqishida yordamingizni ayamang».

Tahririyatdan ko‘mak so‘rab murojaat qilgan Manzura Zokirovani yo‘qlab borganimizda haqiqatdan ham Sharof Rashidov tumani «Nurafshon» MFYdan emas, balki shahardagi 1/3 mittitumaniga qarashli ko‘p qavatli uylardan topdik. Murojaatchining ta'kidlashicha, uning o‘z uyi yashash uchun mutlaqo yaroqsiz, shu bois u bugungi kunda 300 000 ming so‘m ijara haqi to‘lab, farzandlari bilan ijarada ko‘p qavatli uylardan birida yashashga majbur bo‘lmoqda.

Manzura Zokirova nimadan norozi?

— Shaxsiy plastik kartochkamga pul kelib tushgach, uni Sharof Rashidov tuman hokimligi qurilish bo‘limi muovini Jamshid Rustamovga berdim. Chunki u menga telefon qilib, «plastigingizga tushgan pulni bizga olib kelib bering, ta'mirlash ishlari uchun ishlatamiz», dedi. Men u aytgan joyga plastik kartochkani olib borib berdim.

Natija shu bo‘ldiki, uyimni xo‘jako‘rsinga ta'mirlab berishdi. Hanuz uyimning tom qismi suvalmagan. Yomg‘irlar uyimning ichini yuvib ketdi. Men bu uyda qanday yashayman? Tuman hokimligidan ishchi guruh kelib bu ayolga yordam beramiz, qolganlarini ham ta'mirlab beramiz, deyishdi. 2019 yil 10 fevral kuni qurilish inspeksiyasidan kelib, o‘zimning ishtirokimda uyimning ahvolini o‘rganishdi va to‘g‘ri xulosa yozib berishdi.

Men hanuz 5 nafar farzandim bilan kvartirada ijarada yashab kelmoqdaman. Hech qayerda ishlamayman, hozirda choyxonada idish yuvuvchiman, bir kunda 20 ming so‘m pul topaman. Mehnat vazirligiga yozib ham ish topolmadim. Yongan uyimni chala holatda ta'mirlab ketishgan. Yashashga yaroqli emas. Shuncha odam kelib ko‘rdi. Kim bu haqiqatni yuzaga chiqaradi? Hokimiyatdagilarning va'dalari va aldovi qachongacha davom etadi?