Yaxshi yangilikdan boshlaymiz: bosim tushishi — noxush holat, ammo ko‘p hollarda xavfli emas. Biroq gipotoniya xurujlariga e'tiborsizlik qilish ham mumkin emas.

Qon bosimi tushishi nima va u qay holatda xatarli

Yodda tuting, chegaraviy bosim 90/60. Tonometr shu yoki bundan baland darajani ko‘rsatsa, demak, hammasi joyida. Ammo u yoki bu son kamaysa, yoxud ikkisida ham pastlash kuzatilsa, bu qon bosimi tushib ketayotganidan darak beradi.

Muhim bo‘lgan kichik farq mavjud. Qon bosimi ko‘tarilishi hamma uchun birdek tahlikali bo‘lsa, bosim pasayishi organizmning o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi ham mumkin. Agar u darmonsizlashish bilan birga kelmasa, salomatlikdagi buzilish deb hisoblanmaydi, u bilan kurashish shart emas.   

Unga qo‘shimcha tarzda quyidagi alomatlar kuzatilsa, ogoh bo‘lish lozim:

  • holsizlik;
  • bosh aylanishi, o‘zini tashlab yuboradigandek hissiyot;
  • ko‘z xiralashishi;
  • ko‘ngil aynishi;
  • qaltirash;
  • terlash ortishi;
  • diqqat susayishi.

Bu holatlar hayot tarziga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi, ishlash va muloqotga kirishishga xalaqit beradi. Lekin eng asosiysi: noxush alomatlar bilan boshlangan bosim tushishining o‘zi ham boshqa kasallikning shunchaki alomati bo‘lishi mumkin.

Arterial qon bosimi pasayishi sabablari turli xil: oddiy suvsizlanish va stressdan tortib to gormonal buzilishlar, ichki qon ketish va miokard infarktigacha.

Davolashni boshlashda aynan qaysi kasallik gipotoniyaga omil bo‘lganini aniqlashtirish zarur. Asosiy xastalikka lozim bo‘lgan choralar ko‘rilganidan so‘ng, qon bosimi o‘z-o‘zidan me'yoriy holatga qaytadi.

Qachon tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak?

O‘zingizda yoki yoningizdagi odamda bosim pasayishi va quyida keltirilgan belgilar uchrasa, zudlik bilan tez yordam chaqiring:

  • sovuq, yopishqoq, rangi o‘chgan teri;
  • tez sayoz nafas olish;
  • kuchsiz va tez yurak urishi;
  • o‘zini ushlab turolmaslik.

Bular kuchli arterial gipotenziya (kollaps, shok) alomatlari hisoblanadi. Bu holat hayot uchun xavflidir, miya va ichki organlar gipoksiyasiga olib kelishi mumkin. Shu sababli tez tibbiy yordamni kechiktirish mutlaqo mumkin emas.