Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Hokim sifatida tushunmayotgan narsalarim haligacha bor»
Foto: KUN.UZ
Toshkent shahar hokimligida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.
Tadbir davomida hokimdan Toshkent shahri budjetining daromadlar va xarajatlar qismi ijrosi bo‘yicha ma'lumot berish so‘raldi. Xususan, prezidentning 5515-son farmonida budjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismi 10 foizini shahar aholisi bilan maslahatlashgan holda xarajat qilish topshirig‘i berilgan.
«Albatta, bu 10 foiz to‘g‘risida biz OAVga xabar berishimiz kerak va u saytimiz orqali chiqishi kerak. Hokim sifatida 1 yil-u 2 oydan beri ishlayapman. Tushunmayotgan narsalarim haligacha bor. Respublika budjetining 25 foizi Toshkent shahar hokimligi tomonidan yig‘iladi. Ya'ni, respublika budjeti to‘rtdan bir qismi faqat Toshkentdan yig‘iladi. Men hokim bo‘lib tushunmagan narsam: respublikada dastur tayyorlanadi, hokimlikni respublika budjetini beradigan bir korxona deb bilaylik, ana shu korxona rahbari dasturga kirgan pulni olish uchun pul beruvchining eshigi tagiga borib yalinishi kerak. Bu qanday mantiqqa to‘g‘ri kelishini tushunmayapman.
Mening o‘zim biznesdan chiqqanman. Ko‘p fabrikalarimiz bo‘lardi, ertalab ishni kattaroq daromad beruvchi fabrikadan boshlardim. Qanday yordam kerakligi bilan qiziqardim. Bu yerda ham pul berarkansan, ham dasturga kirgan pulingni oltidan birini olish uchun ertalabdan kechgacha sarg‘ayib o‘tirish kerak ekan. Men bu qanday mantiqqa to‘g‘ri kelishini haligacha tushunib yetganim yo‘q. Biz 20 trln so‘m berib, atigi 3,5 trln so‘mini qaytarib olamiz. Shuni vaqtida olishimiz uchun ham ertalabdan kechgacha sarg‘ayib o‘tirishimiz kerak. 10 foiz masalasi bo‘yicha hali yoritamiz», - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Mavzuga oid
16:44 / 07.02.2026
Toshkent shahri hokimiga yangi o‘rinbosar lavozimi joriy etildi
08:28 / 07.02.2026
Toshkent va Qashqadaryoda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi
08:25 / 07.02.2026
Centrum Air'ning Urganch-Toshkent reysiga 12 yo‘lovchi “sig‘may” qoldi
18:57 / 05.02.2026