Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi barcha yoshlarni samimiy qutladi. U o‘z tabrigida hayotda ko‘rgan chin haqiqat, boshidan o‘tgan voqealarni bayon qilgan. 

«Adashmasam, 2002 yoki 2003-yillar... Men 19 yoshlardaman, Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatida eng kichik lavozimdagi xodimman.

Bir kuni xonamizga ko‘pni ko‘rgan, turli lavozimlarda ishlagan rahbarlardan biri to‘satdan kirib qoldi. Eng kichik xodim sifatida yugurib borib, paxta gulli choynakda choy damlab keldim. Endi quyaman desam, shartta choynakni o‘z qo‘llariga olib: endi bizning yoshimiz katta bo‘lib qoldi. Hurmat uchun rahmat, lekin choyni men sizlarga quyib bersam. Sizlar yoshsizlar, Xudo bilsin ertaga kim bo‘lib ketasizlar? Sizlarga yaxshi qarash kerak, xafa qilib bo‘lmaydi, katta odam bo‘lib, bizga boshliq bo‘lib qolishlaring ham mumkin, deb hazil qildilar.

Hazil-huzil bilan kulishib choy ichdik. Oradan vaqtlar, yillar o‘tib hayot turli sinovlarda chiniqtirdi, adolat va adolatsizliklarni ko‘rdik, ko‘ryapmiz ham... Inson qadrini bilmaydigan va aksincha uni e'zozlaydigan rahbarlarni ham ko‘rdik. Qiyinchiliklarga bardosh berib mehnat qildik va harakatlarimiz tufayli yosh bo‘lishimizga qaramay, bizni hurmat qilib, qadrlab ishongan Prezidentimiz nazariga tushish nasib qildi (ilohim ko‘z tegmasin). Mana, Allohga shukr, rahbar ham bo‘ldik.

Tasodifni qarangki, 17 yil oldin o‘sha gapni gapirgan odam hozir biz rahbarlik qilayotgan tashkilotning quyi tizimida ishlar ekanlar. Aytganlaridek biz rahbar, ular esa bizga xodim...

Bugun Yoshlar kunida bizni qadrlagan va shu darajaga yetishimizga sababchi bo‘lgan insonlarga, o‘zimizni ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarni yaratib berib, bizga umid bilan qarayotgan va bugungi kunni biz yoshlarning bayrami sifatida belgilab bergan Prezidentimizga katta rahmat aytmoqchiman.

Mening dadam avtochilangar, oyim esa hamshira bo‘lib, halol mehnat bilan katta qildilar. O‘zim Toshkent shahri, Qora-qamish mavzesi 2/4, Tansiqboyev 3, 30-uydagi xonadonlarning birida tug‘ilganman. Tanish-bilish, orqamizda tog‘ yo‘q edi. Lekin baribir, mehnat qilsang qadr topar ekansan.

Hurmatli Prezidentimiz! Yoshlar kelajagimiz deb bizni ulug‘layapsiz, biz bir necha millionlik yoshlar siz bilanmiz. Sizga va Vatanimizga xizmat qilamiz. Ishonchim komilki, mening bu fikrimga barcha yoshlar qo‘shiladi. Barchamiz sizning ishonchingizni oqlaymiz deb va'da beramiz. Yoningizda sizning tun-u, kun tinim bilmay Vatan ravnaqi uchun qilayotgan mehnatingizni ko‘rib turibmiz. Baxtimizga sog‘ bo‘ling!