Bugun ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarayotgan ayrim fuqarolarga, eng avvalo, qonun bilan yaxshiroq va yaqinroq tanishib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardik, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonov.

Bildirilishicha, qonunda fuqarolarga o‘qotar qurollar sotish, ulardan bemalol foydalanish mumkinligi haqida bironta band yo‘q. Aksincha, bunday faoliyat yanada qat'iy nazoratga olinyapti.

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Qurol to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Tabiiyki, savol tug‘iladi: mazkur qonun o‘zi bizga kerakmi? Unda qanday normalar belgilanmoqda? Kimlar qurol olib yurish huquqiga ega bo‘ladi? Bu faoliyatni qaysi organ nazorat qiladi? Deputat ana shu savollarga javob izlagan.

Yangi qonunga qanday ehtiyoj bor edi?

Ma'lumki, shu paytgacha O‘zbekistonda qurol bilan bog‘liq qonun qabul qilinmagan edi. Bugunga qadar fuqarolik, xizmat va jangovar qurollarga tegishli tartib-qoidalar o‘ndan ziyod qonun hujjatlari asosida boshqarilardi. Endilikda “Qurol to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan shu paytgacha mavjud bo‘lgan barcha hujjatlar umumlashtirilib, yagona majmua holatiga keltirildi.

Qayd etish o‘rinli, qonunni ishlab chiqishdan ko‘zlangan maqsad amaldagi me'yoriy-huquqiy asoslarning to‘liq va mukammal emasligi, yagona mexanizm yo‘qligi va shu sababli vujudga kelayotgan ko‘plab huquqiy anglashilmovchiliklar o‘rnini to‘ldirishdir. Jumladan, qurol va o‘q-dori kabi tushunchalarning qonunchilikda aks ettirilmagani mavjud turli qurollarga ega bo‘lish, ularni olib yurish va saqlash holatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgandi.

Shuningdek, chet davlatlar va respublikamizda qurolning yangi turlari, o‘q-dorilarining keng aylanishi sharoitlarida amaldagi qonun hujjatlarida tegishli yuridik tushunchalar mezoni, ularni muomalaga kiritish asoslari, taktik-texnik xususiyatlari hamda ijtimoiy xavfliligi darajasiga ko‘ra cheklovlar belgilanmagan. Bu kabi holatlar qurol muomalasi va qurolga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda fuqarolarning faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yishga to‘sqinlik qilayotgandi.

Endilikda yangi qonun bilan qurolga egalik qilish, sotish va quroldan O‘zbekiston hududida foydalanish tartibga solinadi. Bunda qonuniylik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini ta'minlash ustuvorligi belgilanmoqda.