«Belimga qo‘li bilan urdimi, oyog‘i bilan tepdimi, bilmay qoldim, boshim bilan mashina ichiga kirib ketdim...»
2019 yil 1 iyul kuni Kun.uz saytiga shoshilinch murojaat kelib tushdi. Unda Jizzax viloyati Arnasoy tumani IIB rahbar xodimlari g‘alla o‘rimini nazorat qilish chog‘ida fermerlardan birining otasini urgani, jabrdiyda tuman Markaziy shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida ekani xabar qilingan edi.
Kun.uz muxbirlari 1 iyul kuni 18-00 atrofida Arnasoy tumani Markaziy shifoxona shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yetib keldi hamda jabrlanuvchining o‘g‘li Ahmedov Dilshod bilan uchrashdi.

So‘ngra, shifoxona Shoshilinch bo‘lim boshlig‘i Temur Nazarov jabrlanuvchining ahvoli bilan tanishtirdi.
«Ma'lum bo‘lishicha, bemor yuqori gipertonik qon bosimida yuradi. Avval mikroinfarktni ham boshdan kechirgan. Qolaversa, 2-darajali qandli diabet bilan ham xastalangan. Bu yerga keltirilganda qon bosimi 220-120 nisbatda baland bo‘lganligi uchun tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida jonlantirish xonasiga kiritdik. Kerakli muolajalar ko‘rsatdik», - deydi Temur Nazarov.


Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor bel sohasida kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Rentgen qurilmasi yo‘qligi sababli uni Jizzax shahriga yoki Do‘stlik tuman markaziga olib borish talab etiladi. Ammo kuchli qon bosimi hamda asabi buzilgani bois uni ortiqcha harakatlantirish mumkin bo‘lmagan.
Biz shoshilinch yordam bo‘limi boshlig‘ining ruxsati bilan Ahmedov Mamatquldan bo‘lgan voqealarni so‘zlab berishni so‘radik. Uning aytishicha, Jizzax shahrida ishlaydigan o‘g‘li Dilshod unga qo‘ng‘iroq qilib, tuman hokimi uni post GAIda kutib turganini bildirgan. Tuman hokimi unga Arnasoy hosiliga bir ilojini qilib hissa qo‘shishni aytadi.
Tuman IIB boshlig‘i “GAI” (YHXB) boshlig‘iga “Kamaz” topib kelishni aytar ekan, Mamatqul akaning ham dalaga birga borishi kerakligini qistirib o‘tadi. Biroq kunning issiqligi, yuqori qon bosimi, qolaversa, bir karra mikroinfarktni boshdan kechirgan va 2-tip qandli diabetli xasta Mamatqul aka tobi yo‘qligini aytib, dalaga bora olmasligini bildiradi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari Misayev Akrom va serjant yordamchisi fermerning otasini dalaga majburlab olib borish uchun uni o‘zlarining mashinalariga mindirishga urinishadi.
















