G‘amxo‘r ota-onalar farzandlari muvaffaqiyatli, baxtli va badavlat bo‘lib ulg‘ayishlarini orzu qiladilar. Buning uchun bolaga tongdan kechga qadar o‘qish, dam olish kunlari esa uni shaharning barcha to‘garaklariga olib borish shart emas. Bolalikdanoq farzandga to‘g‘ri moliyaviy hamda hayotiy odatlarni singdirish muhimroq.
AdMe.ru bolaga moliyaviy jihatdan savodli va mustaqil bo‘lib ulg‘ayishda yordam beradigan oddiy, biroq samarali maslahatlarni tanladi.
Bolani mas'uliyatli etib tarbiyalang

Bolani har bir aybi uchun urishish o‘rniga vaziyatni to‘g‘rilashni uning o‘ziga qo‘yib bering. Agar bola likopchani sindirib qo‘ygan bo‘lsa, uning qo‘liga supurgini tutqazing, polga bo‘yoqlarni surtib tashladimi – qo‘liga mato bering. Birinchidan, ana shunda buyumlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni tushuntirasiz. Ikkinchidan, bolani mas'uliyatlilikka o‘rgatasiz.
O‘z harakatlari uchun mas'uliyatli bo‘lish esa muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismi.
Bolani pul jamg‘arishga o‘rgating

Kattalar ta'til, mashina xarid qilish yoki institutda o‘qish uchun pul jamg‘argani kabi bola ham o‘z ehtiyojlari uchun pul yig‘ishni o‘rganishi kerak. Har bir maqsad uchun alohida idishni belgilang. Masalan, bu qimmatbaho o‘yinchoq yoki yangi velosiped xarid qilish bo‘lishi mumkin.
Shu tariqa bolani bir onli istaklarga berilmay, pulni sanash va to‘g‘ri sarflashga o‘rgatasiz.
Bolani moliyaviy masalalarga jalb eting

Albatta, bola xonadon xarid qilish yoki kreditni so‘ndirishga yordam bermaydi. Do‘kondagi kichik xaridlar yoki dam olish kuni uchun hordiqni tanlashni u bilan muhokama qiling. Xaridning narxi, uning zaruriyati va boshqa muqobil variantlar haqida suhbatlashing.
















